O‘zbekiston | 11:13 / 13.04.2019
38046
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov Prezident maktablariga o‘qituvchilar kimlar tomonidan tanlab olinishi haqida ma'lumot berdi

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan Prezident maktablari, o‘qituvchi - o‘quvchi - ota-ona munosabatlari, o‘qituvchilarning maqomi va xalq ta'limi tizimiga doir boshqa masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

Sherzod Shermatov Prezident maktablari loyihasiga kim rahbar etib tayinlangani va ushbu maktablarga o‘qituvchilar qay usulda tanlab olinishi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

“Xalqaro maktablarga o‘qituvchilar tayyorlab beruvchi kompaniyalar bor. Masalan, Angliyada 1,5 million pedagog kadrlar haqida ma'lumotlarga ega Teach Away kompaniyasi malakali o‘qituvchilar tanlashda yordam beradi.

Masalan, Toshkentdagi xalqaro maktablar – Tashkent International School, British School ham direktor, o‘qituvchi tanlayotganida yuqoridagi kabi xalqaro rekruting kompaniyalari bilan ishlashadi.

Biz ham xorijiy pedagog kadrlarni tanlashda rekruting faoliyati bilan shug‘ullanuvchi turli xalqaro kompaniyalar bilan muloqot qildik.

Mahalliy o‘qituvchilar tanlovini ochiq o‘tkazish uchun veb-sayt ishga tushiramiz. Qabul qilingan ma'lumotlar Prezident maktabi loyihasi bo‘yicha jamoa tomonidan tahlil qilib, o‘rganib chiqiladi.

Ayni shu kabi masalalar yechimini topish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti tayyorlov kurslarini, Muhammad Al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabni boshqargan mutaxassis Amrullo Abdullayev Prezident maktablari loyihasiga rahbar qilib tayinlangan.

Ushbu mutaxassis boshchiligidagi Inha universiteti tayyorlov kurslari mahsuldorlik va shaffoflik bo‘yicha sezilarli yaxshi natijalarga erishgan.

Loyiha kengayib boradi – biz har bir xorijlik o‘qituvchiga mahalliy pedagoglarni biriktiramiz. Zanjir shaklida Respublikaning boshqa maktablaridagi o‘qituvchi-mutaxassislar ham ushbu tajribadan o‘z malakasini oshirish imkoniga ega bo‘ladi”, - dedi vazir.

Sherzod Shermatov bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uzʼning YouTube va Moverʼdagi sahifalarida tomosha qilish mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid