O‘zbekiston Ukraina shakarining asosiy xaridori bo‘lishdan to‘xtadi. Bundan Ukrainaning «Ukrsukor» shakar ishlab chiqaruvchilar milliy assotsiatsiyasi ma'lumotlari darak bermoqda.

Mart oyida Ukraina 30,2 ming tonna shakar sotdi. Asosiy hajmlar Ozarboyjon (17%) va Tojikistonga (14%) yetkazib berildi. O‘zbekiston hissasiga 13% to‘g‘ri keldi. Taqqoslash uchun, 2018 yil mart oyida O‘zbekiston Ukrainadan 23,5 ming tonna shakar import qilgan. Bu mamlakat umumiy shakar eksportining 50%ini tashkil etadi.

Fevral oyida O‘zbekiston, «Ukrsukor» xabariga ko‘ra, uchta asosiy xaridor orasidan ham joy olmadi - asosiy hajmlar Ozarboyjon (25%), Buyuk Britaniya (18%), Qirg‘iziston va Isroilga (13%dan) yetkazib berildi.

Avvalroq, shakar importi bir necha barobarga tushib ketgani ma'lum bo‘lgandi. Yanvar-fevral oylarida mamlakat 18,3 million dollarlik xorijiy shakarni sotib oldi, bu 2018 yil yanvar-fevral oyidagi ko‘rsatkichga qaraganda deyarli 81 foizga kam.