5-7 aprel kunlari yurtimiz hududlarida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lib o‘tdi. Ushbu yog‘ingarchilik natijasida ayrim viloyatlarda sel toshqini tufayli bir necha xonadon zarar ko‘rdi. Tahririyatga kelgan navbatdagi murojaat ham aynan shu mavzuda.

“Hurmatli tahririyat ijodkorlari, sizga Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Moltob QFY Yangiqishloq ko‘chasida sel toshqini sababli qattiq zarar ko‘rgan fuqarolar murojaat qilmoqdamiz. 5-7 aprel kunlari yoqqan yomg‘irlar natijasida bizning Yangiqishloq ko‘chasida bir necha xonadonlarga yomg‘ir suvlari kirib , olti xonadon zarar ko‘rdi. Tabiiy ofatdan so‘ng ko‘chada qoldik. Oradan necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, na tuman hokimligi, na kerakli tashkilotlar bizga ko‘mak qo‘lini cho‘zdi. Ayni kunlarda har birimiz yaqin qarindoshlarimiz xonadonlarida vaqtincha yashab turibmiz. Bu esa ko‘plab qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Yashash joylarimiz tiklanishida hamda zarar ko‘rgan hovli va uylarimiz tezroq tartibga keltirilishida yordam berishingizni so‘raymiz”, deyiladi unda.

Mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida ko‘rsatilgan manzilga yo‘l olamiz. Yangiqishloq ko‘chasidagi zarar ko‘rgan xonadon sohiblarining ma'lum qilishicha, talofatlarga kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida “Toshkent-Samarqand” tezyurar “Afrosiyob poyezdi” temir yo‘li ostidan o‘tgan quvurlarga yomg‘ir suvi bilan oqib kelgan shox-shabbalar tiqilib qolishi sabab bo‘lgan. 

Sel oqibatida Manzura Otaboyevaning uyi butkul toshqin ostida qolgan. Uyning devorlari sel bosimiga dosh berolmay nuragan. Natijada xonadon qattiq zarar ko‘rgan.

“Suv kutilmaganda juda shiddat bilan keldi, uydan hech nimani olib chiqolmadik.Bor narsamiz oqib nobud bo‘ldi. Parrandalarimiz, hovlidagi ko‘chat va ekinlarimizga zarar yetdi. Xullas, egnimizdagi kiyim bilan qoldik. Hokimiyatdan kelishdi, o‘rganamiz, o‘n besh kunda javobini aytamiz, deyishdi. Yordam beramiz, deyishdi, lekin hech qanday yordam ko‘rsatilmadi”,- deydi Hamidullo Otaboyev.