Prezident Shavkat Mirziyoyev ma'ruzalaridan birida tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta'minlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishini ta'kidlagandi.

«Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat'iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e'tiborim va nazoratimda bo‘ladi», — degan edi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, prezident tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilinadi, deya ogohlantirgandi.

Tan olib aytish kerak, tadbirkorlarga bir qator qulaylik va imtiyozlar yaratildi, to‘siq bo‘layotgan jihatlar bartaraf etildi, yangi imkoniyatlar eshiklari ochildi.

Ammo tahririyatimizga tadbirkorlardan kelayotgan turli mazmundagi murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hali ham tadbirkorlar uchun ayrim to‘siqlar: muammolarini hal etishda sansalorlik, yillar davomida idorama-idora yugurish, rahbarlar eshigi oldida besamar vaqt o‘tkazish kabi eskitdan qolgan salbiy jihatlar, eskicha qarashlar hali ham mavjud.

«Kun.uz» saytiga Samarqand viloyati, Nurobod tumanidan kelgan murojaat ham shu mazmunda. «Abduqodir ota suv bilan davolash sihatgohi» MChJ rahbari Vahob Sagdullayev o‘z murojaatida katta mablag‘ evaziga sihatgoh qurganligi, uning faoliyatini boshlashda muammolar borligi, ayni vaqtda tadbirkorlik faoliyati og‘ir ahvolga kelib qolganligini qayd etgan.

Mazkur murojaatni joyida o‘rganish uchun Nurobod tumanidagi Nurbuloq shaharchasida bo‘ldik. Asli kattaqo‘rg‘onlik, faoliyatini Nurobod tumanida olib borayotgan tadbirkor Vahob Sagdullayev bilan uchrashib, uning e'tirozlarini tingladik.

«2017 yil iyun oyida mehmonxona qurish uchun yer ajratishini so‘rab, Nurobod tumani hokimligiga murojaat qildim. Turli talablar qo‘yildi va oradan olti oy o‘tib, tuman hokimi qarori chiqdi. 40 o‘rinli mehmonxona qurish loyihasi qiymati 820 mln 277 ming 400 so‘m bo‘lsa, shundan bor-yo‘g‘i 80 million so‘mini bankdan kredit oldim. Qolgan barcha xarajatlarni o‘z hisobimdan qildim. Qurilish va jihozlash ishlari yakunlanganidan so‘ng, binoning orqa tomonida 500 metr uzoqlikdagi shifobaxsh suv qudug‘iga ulanish uchun tuman hokimligi va bir nechta tashkilotlarga murojaat qildim. Ammo yechim bo‘lmadi.