O‘zbekistonda Suv xo‘jaligi vazirligi ta'sischiligida “Suvxizmat” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etiladi. Bu haqda “Suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilariga suv xo‘jaligi xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aytiladi.

Qayd etilishicha, suv resurslarini boshqarishda eng quyi bo‘g‘inda suv iste'molchilariga suv xo‘jaligi xizmatini ko‘rsatishda, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etishda o‘z yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Xususan:

birinchidan, joylarda fermer xo‘jaliklari tomonidan suv resurslaridan oqilona foydalanilmasligi oqibatida bunday “tabiat in'omini” sarflashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmoqda;

ikkinchidan, suv iste'molchilari uyushmalari tasarrufidagi suv xo‘jaligi obektlarining (sug‘orish tarmog‘i, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlari) texnik holati, meliorativ texnikalar bilan ta'minlanganlik darajasi qoniqarsiz ahvolda;

uchinchidan, suv iste'molchilari uyushmalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun shartnoma intizomiga rioya qilinmasligi, to‘lovlarni undirilish darajasining pastligi, ishlayotgan xodimlarning malakasini bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligi, oylik ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanmasligi ular faoliyatida kadrlar qo‘nimsizligi va ish sifatining samaradorligiga salbiy ta'sir etmoqda.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi ta'sischiligida “Suvxizmat” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilishi va ularning namunaviy tuzilmasi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Suv xo‘jaligi vazirligi davlat nomidan to‘liq boshqaruv huquqi bilan “Suvxizmat” MChJlarni faoliyatini amalga oshiruvchi organ etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

“Suvxizmat” MChJlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

suv iste'molchilarining suv iste'moli rejalarini umumlashtirish, tasdiqlangan suv olish limitlari bo‘yicha suv bilan ta'minlash, suvni oqilona boshqarish, kundalik monitoringi va ularning hisobi hamda hisobotini yuritish;

o‘z hisobidagi sug‘orish tarmog‘i, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlarini ta'mirlash-tiklash, ishchi holatda saqlash hamda tuman irrigatsiya bo‘limi bilan ularni belgilangan tartibda rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni tashkil qilish;