Nobel assambleyasi bayonotida aytilişiça, olimlar “yoruğlik bilan boşqariladigan ion kanallari va optogenetikaga oid kaşfiyotlari uçun” mukofotlangan.

Optogenetika – asab hujayralarini yoruğlik yordamida faollaştiriş yoki ularning faoliyatini töxtatiş imkonini beradigan usul. Bu texnologiya miyada xotira, his-tuyğu va xulq-atvorni şakllantiruvçi asab zanjirlarini örganişda yangi imkoniyatlar oçgan.

Peter Xegemann va Georg Nagel 2000-yillar boşida bir hujayrali suvötida yoruğlikka sezgir oqsil – kanalrodopsinni aniqlagan. Keyinçalik Stenford universiteti olimi Karl Deysserot kanalrodopsinni asab hujayralarida qöllab, ularning faoliyatini yoruğlik yordamida boşqariş usulini rivojlantirgan.

Bu texnologiya neyronlarni juda aniq tarzda faollaştiriş yoki nofaol holatga ötkaziş imkonini berib, miya qanday işlaşini örganişda muhim vositaga aylangan. Olimlar optogenetika yordamida muayyan xotiralar, his-tuyğular va xatti-harakatlarni şakllantirişda iştirok etuvçi asab zanjirlarini tadqiq qilmoqda.

Optogenetikaning tibbiyotda ham istiqbolli qöllaniş sohalari mavjud. Xususan, tadqiqotçilar bu usuldan köriş qobiliyatini tiklaş, şuningdek, ayrim nevrologik va ruhiy kasalliklarni örganiş va davolaş imkoniyatlarini tadqiq qilmoqda.

2026-yilgi Nobel mukofotlarini eʼlon qiliş haftaligi 5-oktabrda fiziologiya va tibbiyot yönalişida boşlandi. Fizika böyiça laureatlar 6-oktabr, kimyo böyiça 7-oktabr, adabiyot böyiça 8-oktabr, Tinçlik mukofoti sohibi 9-oktabr va iqtisodiyot böyiça laureatlar 12-oktabr kuni eʼlon qilinadi.