Jahon | 18:20 / 24.04.2019
52416
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyga «birinchi zarba»: Putin DXR va LXRda yashovchilarga Rossiya pasporti berishni soddalashtirdi

Foto: ITAR-TASS/Valeriy Sharifulin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqidagi tan olinmagan «Donetsk xalq respublikasi» va tan olinmagan «Lugansk xalq respublikasi» hududida istiqomat qiluvchilarga Rossiya fuqaroligini berish jarayonini soddalashtirish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Hujjat 24 aprel kunidan kuchga kiradi. Bu farmon Donetsk va Lugansk oblastlarida doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar uchun taalluqli.

Bundan avvalroq, OAVda Kremldagilar DXR va LXR hududlarida yashovchi aholiga pasportlar tarqatishga tayyorlanayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Aprel oyi o‘rtalarida bunday hujjat allaqachon tayyorligi va prezident imzosini kutayotgani to‘g‘risida ma'lum qilingandi. Hujjat matni Ukrainadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi turidan keyin e'lon qilinishi kutilayotgandi.

O‘tgan yakshanba kuni Ukrainada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi o‘tkazildi va unda amaldagi prezident Petro Poroshenko Vladimir Zelenskiyga yutqazdi, u yaqin vaqtlar ichida vakolatlarini topshiradi.

Putin farmonida Lugansk va Donetskning alohida hududlarida yashovchilaridan Rossiya fuqaroligiga qabul qilish bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar 3 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida ko‘rib chiqilishi belgilangan.

2019 yil martida Rossiyada «Fuqarolik haqida» qonuniga o‘zgartirishlar kiritilgandi. Unga ko‘ra, prezident Rossiya pasportini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin bo‘lgan xorijliklar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning toifalarini belgilash huquqiga ega bo‘lgandi. 

Soddalashtirilgan tartibga ko‘ra, Rossiya pasportini turli majburiyatlar va imtihonlarsiz berish nazarda tutiladi, bu holatda murojaatchiga Rossiya hududida kamida 5 yil yashaganlik talabi qo‘yilmaydi. Bunday tartibda pasport olish uchun ariza va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishning o‘zi kifoya qiladi.

Bundan oldinroq «Kommersant» Rossiyaning LXR va DXR bilan chegaradosh hududlarida «fuqarolarni qabul qilish uchun barcha zarur infratuzilmalar muhayyo qilingani» to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

Vladimir Putin 2017 yilda Rossiya Donbassdagi o‘z-o‘zini boshqaruvchi respublikalar tomonidan qabul qilingan hujjatlar tan olinishi haqidagi farmonini imzolagandi.

2019 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, DXR hududida istiqomat qiluvchi aholi soni 2,28 million kishini tashkil qilgan, LXRda esa 1,45 million kishi yashamoqda. Ukraina sharqidagi ayirmachilar tomonidan tuzilgan bu respublikalar BMT tomonidan ham, unga a'zo boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmagan.

Mavzuga oid