Turmushimizni suvsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki u — hayot manbai. Biroq XXI asrda hamon tomorqalarni sug‘oradigan suvdan ham qisilgan, oddiy ichimlik suvini ham tashib ichayotgan qishloqlar borligi kishini taajjublantiradi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Tahririyatimizga Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani «Yangiobod» mahallasidan murojaat kelib tushdi va muxbirimiz ushbu qishloqda bo‘lib mahalla ahliga mikrofon tutdi.

Adirliklar orasida joylashgan va tuman markazidan 9 km uzoqlikda, adirlar orasida joylashgan bu qishloqda muammolar bir talay ekan. Qishloq ahli o‘zlarini hech kim eshitmayotganini, muammolari hal qilinmayotgani, islohotlar shamoli shu maskanga ham kirib kelishini istashayotganini bildirishdi.

Mahalla oqsoqollaridan biri Egamberdi Rahimovning aytishicha, qishloq ahli ichimlik suvining bir sisternasini 100 ming so‘mga sotib oladi. Mol-hol ham shu suvdan ichadi. Chunki zovurlardagi sizot suvlari sho‘r bo‘lib, chorvaning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Holbuki, qishloqqa bir paytlar vodoprovod quvuri ulangan bo‘lgan, 12 km narida ichimlik suvi behudaga oqib yotibdi. Mutasaddilar qachonki «Yangiobod» mahallasi davlat dasturiga tushsa keyin qishloqqa vodoprovod tortib berilishini ta'kidlab kelishmoqda.

Qishloqdagi onaxonlarning ham dardiga quloq tutamiz. Norposhsha Anvarovaning so‘zlariga ko‘ra, yosh bolalar ko‘lmaklardan suv ichishga ham odatlanishgan va qishloqda sariq kasal yuqtirmagan bolaning o‘zi qolmagan.




















