O‘zbekiston | 12:04 / 30.04.2019
17694
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar OTMga alohida kvota bo‘yicha qabul qilinadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni OTMga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabarida aytilishicha, hujjat loyihasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun respublika OTMning bakalavriatiga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida alohida qabul kvotalari ajratiladi.

Nizomga binoan kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlar ballar ketma-ketligiga qat'iy rioya etilgan holda, ajratilgan alohida kvotalar doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Loyihada harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar ular uchun ajratilgan alohida kvotalar doirasida, tanlagan birinchi OTM bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi belgilangan.

Alohida kvota har bir OTMning bakalavriatiga (har bir ta'lim shakli bo‘yicha) o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarining besh foizi miqdorida belgilanishi ko‘rsatilgan. 

Nizomga muvofiq, alohida kvotalarning OTM kesimidagi taqsimoti har yili prezidentning OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng ikki hafta muddatda ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid