«Ayaks» hayron qoldirishda davom etyapti. Bu esa, jamoa atrofidagi turli mulohazalarga sabab bo‘lishi tabiiy. Kimdir 90-yillardagi «Ayaks» qaytganini aytsa, yana kimdir Yevropada yangi kuch paydo bo‘layotganini iddao qilmoqda. Kelasi mavsumda jamoaning asosiy yulduzlari sotilib ketishini o‘ylab, ularga achinayotganlar ham bor. Avvalroq, «Manchester Yunayted» haqidagi maqolalarda «Ayaks» nomi tilga olina boshlandi va 2017 yildagi Yevropa Ligasi finali eslandi. O‘shanda bu ikki jamoa maydonga tushgan va inglizlar 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. «Ikki yilda «MYu» qanaqa ahvolga tushdi-yu, «Ayaks»ning yetib kelgan joyini qarang. Mana menejment, deyiladi» ba'zi mulohazalarda.

Bilasizmi, men bu fikrlarning birortasiga ham qo‘shilmayman va «Ayaks»ning natijalaridan qandaydir olamshumul tendensiya qidirishdan yiroqman. O‘sha 2017 yilda amsterdamliklarni boshqargan Piter Bosh jamoani tark etib, Dortmundga bordi va u yerdan iste'foga chiqib ham ulgurdi. Hozir «Bayyer»da ishlayapti. «Ayaks»ning hozirgi murabbiyi Erik Ten Haag bilan Boshning orasida esa, yana ikki murabbiy ishlab ulgurdi. Erikning «Ayaks»ga kelganiga endi bir yildan o‘tdi, xolos. O‘sha final o‘yinida «Ayaks»ning yetakchi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Davinson Sanches hozir «Tottenhem»da, Devi Klassen esa «Verder»da... O‘sha jamoaning hujumdagi yetakchisi Kasper Dolberg esa, asosiy tarkibdagi o‘rnini David Neresga bo‘shatib bergan. Bugungi yetakchi Tadich «Ayaks»dagi ilk mavsumini o‘tkazyapti.

Ya'ni, «Ayaks»ni uch yil Lui van Gaal qo‘l ostida ma'lum darajaga yetib, Yevropani zabt etgan «Ayaks-95»ga o‘xshatish ham, jamoani 2017 yildagi ko‘chatlarning mevasi sifatida qarash ham xato, menimcha.

«Ayaks» o‘sha biz bilgan har doimgi «Ayaks». Har doimgidek yosh yulduzchalar yetarli bo‘lgan, chiroyli o‘yin namoyish etadigan golland jamoasi. Ular yigirma yildan beri qilib yurgan ishlarini davom ettirishmoqda, bu yilgi natija qandaydir o‘zgarish, qandaydir dohiyona tizim yoki munosabat mahsuli emas.

«Manchester Yunayted» yoki «Barselona»da akademiyadan Matteys de Ligt kabi himoyachi chiqib, superyulduzga aylanishini kutish ham xato. Chunki top-jamoalarda futbolchiga 16 yoshdan imkon berilmaydi, 18 yoshda u jamoa sardoriga aylantirilmaydi. «Ayaks» doim bunday siyosatda ishlay oladi, chunki har 20 yildagi mana shunday muvaffaqiyat butun Yevropa ularga tan berishi uchun yetarli. Top-jamoalarda bunday ustunlik yo‘q, ular har yili, har o‘yinda kuchli bo‘lishlari kerak, har safar da'vogar maqomida qolishlari shart. Shuning uchun ham, ular doimiy ravishda akademiyadan yulduz yasashga urinmaydilar ham, undan ko‘ra tayyor yulduzlarni sotib olish arzonroqqa tushadi va natijaga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Demak, «Ayaks» tizimini futbolda trend sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bugungi sharoitlarda hech qaysi top-klub bu yo‘ldan bormaydi. «Ayaks» o‘zi kabi «PSV» yoki «Portu» kabi o‘ziga o‘xshagan jamoalarga o‘rnak bo‘lishi mumkin, shundoq ham bu jamoalarning ishlash prinsiplari avvaldan o‘xshash. Jamoa tarkibi ham «talamon» bo‘lib ketishiga ishonmayman. De Ligt va De Yong shundoq ham top-klublar nishonida edi. Bular safiga yana van de Bek va Neres qo‘shilar balki. Ziyosh va Tadich kattaroq yoshda va ular boshqa klublardan kelishgan. Blind va Shyone faoliyatlarini shu yerda tugatishsa kerak.