Bir necha hafta oldin Qashqadaryoning G‘uzor tumanida qator mahallalarda aholi ichimlik suvi ta'minotidan qiynalayotganiga guvoh bo‘lgandik.

Quyidagi suratda aks etgan beton hovuzlarda g‘uzorliklar ikki uch tonna suv sotib olib saqlashadi. Odatda bu suv ikki oygacha saqlanadi va... iste'mol qilinadi.

G‘uzorda ham suv tortish mumkin bo‘lgan quduqlar bor. Ammo undagi suv tarkibida tuz miqdori ancha baland bo‘lgani uchun ham iste'molga yaroqsiz.

Bu muammo hech kimga sir emas. Bu muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan ham emas. Tuman hokimi ham eng og‘riqli muammo suv ta'minoti ekanini e'tirof etib, shu kunlarda suv tozalash inshooti qurish bo‘yicha xorijliklar bilan qo‘shma loyiha muhokama etilayotganini bildirgandi.

Shundoqqina qo‘shni viloyat — Samarqandda esa shu kunlarda kelayotgan murojaatlarni tinglasangiz, isrof bo‘layotgan ichimlik suviga achinasiz.

Quyidagi suratlarda Samarqand shahrining xalq tilida «Makaronka» deb ataluvchi hududidagi «buloq»lar aks ettirilgan. Toza ichimlik suvi bir ikki kun emas, haftalar davomida ko‘chalarni to‘ldirib oqmoqda, isrof bo‘lmoqda.

Bu ham yetmagandek, atrofdagi tadbirkorlar har yili ko‘chani ta'mirlashdan charchamaydi. Ammo ko‘chadan suv oqib turgach — befoyda.

Samarqand shahrining Oqsaroy mahallasida ham xuddi shunday holat. Farqi bu yerda toza ichimlik suvi bir oy emas, yil davomida isrof bo‘lmoqda.

— O‘rtacha har oyda ikki marta shahar «Suvoqova» korxonasiga murojaat qilaman, — deydi shu mahallada yashovchi F.To‘raqulov. — Bir necha marta korxona xodimlari kelishdi, ta'mirlashdi, ammo oradan bir necha kun o‘tib yana shu holat boshlanadi. Ko‘chamizdagi bu plastmassa suv quvuri 2009 yilda o‘rnatilgan. Keyingi yillarda sal og‘irroq mashina o‘tsa yorilib ketadigan bo‘ldi. Ta'mirlayverib, butun joyi qolmagan. Sifatsiz quvur yotqizilganmi, ishqilib kunora shu ahvol.