O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 6 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:
99-moddaning (Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) matni quyidagi tahrirda bayon etiladi:
«Loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslik (bundan yakka tartibdagi uy-joy qurilish obektlari mustasno), – fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, – fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Binokorlik materiallarini, konstruksiyalarini va buyumlarini ishlab chiqarishda texnik reglamentlar talablarini buzish, – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qurilishi tugallangan binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilish qoidalarini, aholi punktlarining va aholi punktlariaro hududning bosh rejalarini, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini, madaniy meros obektlari joylashgan hududlarni rekonstruksiya qilish rejalarini buzish, dahalarni, mavzelarni va shaharlarning sanoat zonalarini, qishloq aholi punktlarini qurish va obodonlashtirish sifatini, shuningdek binolar va inshootlarning arxitektura yechimlarini buzish, – fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘ttiz baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
















