Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Qatar Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi
2019 yilning 30 aprel – 2 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov boshchiligidagi delegatsiya Doha shahrida (Qatar Davlati) bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik muloqoti Tashqi ishlar vazirlari kengashining (OHM TIVK) 16-majlisida ishtirok etdi.
Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari turli jabhalarda samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangicha yechimlarni hamda «OHM nigohi – 2030»ga binoan Osiyo xalqlarining umumiy intilishlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida barqaror rivojlanishning ijtimoiy va iqtisodiy strategiyasi masalalarini ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari nutqida mamlakatning Osiyoda hamkorlik muloqoti rolini oshirishni izchil qo‘llab-quvvatlashi, OHMning maqsadlari O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan zamonaviy siyosat yo‘nalishiga mos kelishi qayd etildi.
TIVK doirasida «Kichik va o‘rta biznes – barqaror iqtisodiy farovonlikning yangi harakatlantiruvchi kuchi» mavzusidagi biznes-forum o‘tkazildi.
OHM TIVK 16-majlisi yakunida Osiyoda hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollari borasidagi umumiy qarashlarni o‘zida aks ettirgan Doha deklaratsiyasi qabul qilindi.
Qatar davlati rahbari nomidan tashkil etilgan rasmiy tadbir chog‘ida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matovning amir Tamim bin Hamad Ol Taniy bilan qisqa suhbati bo‘lib o‘tdi. Amir Prezident Sh.Mirziyoyevga samimiy salomlarini va ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘radi. U O‘zbekiston Qatar uchun Markaziy Osiyodagi asosiy davlat va istiqbolli sherik hisoblanishini ta'kidladi.
Tashrif doirasida Doha shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Taniy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Qatar kun tartibining kompleks masalalari muhokama qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa jabhalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga asosiy e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish, Ishbilarmonlar kengashini va hamkorlikning boshqa institutlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Qatar taraqqiyot fondi rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda Orolbo‘yi uchun ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondiga hamda O‘zbekistonda ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun Fond moliyaviy mablag‘larini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
GWC Qatar logistika kompaniyasi rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, neft va gaz sohalarida va boshqa tarmoqlarda zamonaviy logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni o‘rnatish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
11:49 / 25.06.2026
JChda 14-kun. Neymar maydonga qaytdi, Koreya yutqazib qo‘ydi
21:57 / 22.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga gaz majmuasidagi fojia yuzasidan ta’ziya yo‘lladi
18:11 / 20.06.2026
Tramp Qatar sovg‘a qilgan 400 mln dollarlik yangi samolyotni namoyish qildi
16:40 / 12.06.2026