Samolyotni ta’mirlash kuz oxirigacha yakunlanishi aytilmoqda. Ammo ta’mir nimalarni o‘z ichiga olishi noma’lum. CNN telekanalining xabar berishicha, Tramp shu oy boshida Turkiyaga samolyotda borishidan oldin, rasmiylar prezidentning Eron bilan bir necha oy davom etgan urush paytida o‘zi uchun yuqori xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hududlarga, xususan, Isroil tomonga yangi ta’mirlangan samolyotda sayohat qilmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Lekin shunga qaramay Tramp yuqori lavozimli amaldorlari samolyotni xavfsiz deb baholagani sabab Turkiyaga uchirishga qaror qilgan. Keyinchalik esa o‘sha amaldorlar bu xato bo‘lganini tan olgan hamda xavfsizlik bahosini tezda o‘zgartirgan.

Trampga ko‘ra, maksimal darajada tez muddatda bu samolyot xavfsizlik nuqtayi nazaridan takomillashtiriladi. Prezident havo kemasi butunlay almashishini aytmagan, lekin shunday bo‘lishi ham mumkin. Trampning qo‘shimcha qilishicha, rejalashtirilgan o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun “taxminan bir oy vaqt ketadi” - mutaxassislarning ta’kidlashicha esa bu muddat sezilarli yaxshilanishlarni amalga oshirish uchun umuman yetarli emas. 

Tramp Turkiyani tark etganida, yangi samolyot o‘rniga eski prezidentlik samolyotini tanladi, bu esa uning xavfsizlik kamchiliklarini tekshirishga turtki bo‘ldi. Tramp o‘sha paytdagi bort almashinuvi xavfsizlik choralarining yo‘qligi sababli emas, balki Buyuk Britaniya aviabazasidagi AQSh harbiy xizmatchilari samolyotni ko‘rishlari uchun qilinganini aytgan. Ammo AQSh matbuotiga ko‘ra, bu ikki samolyot xalqaro miqyosda prezidentning xavfsizligini ta’minlash uchun bir xil imkoniyatlarga ega emas. 

Keyinchalik samolyot bilan bog‘liq xavfsizlik muammolari haqidagi xabarlar prezidentni g‘azablantirgan va bu masala bo‘yicha birinchi bo‘lib xabar bergan New York Times muxbirlariga chaqiruv yuborilgan.

Dushanba kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt yangi samolyot “mutlaqo xavfsiz” ekanini ta’kidladi, ammo u ko‘proq ta’mirlanishi kerakligini ham aytdi.

“Yangi Air Force One samolyoti prezidentning sayohatlari uchun mutlaqo xavfsiz, ammo kuzda qo‘shimcha yangilanishlar va takomillashtirishlarga ega bo‘ladi, bu esa taxminan bir oy davom etadi”, dedi Levitt o‘z bayonotida.

Tramp yangilanishlardan oldin samolyotdan ichki sayohatlar uchun, hatto xalqaro sayohatlar uchun ham bir necha marta foydalanishi kutilmoqda. Biroq faqat xavfsiz zonalarga uchiladi. Masalan, Tramp sentyabr oyida Irlandiyaga hozirgi samolyotida borishi kutilmoqda.

Tramp shuningdek, Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuv haqidagi muzokaralar ortidan shu yil oxirida yangi samolyotini Xitoyga olib borishi mumkinligini ham aytdi.

AeroDynamic Advisory kompaniyasining boshqaruvchi direktori Richard Abulafia CNN telekanaliga bergan intervyusida samolyotda 1 oylik qisqa vaqt ichida hech qanday sezilarli yaxshilanish bo‘lmasligini aytdi.

Vashington, AQShdan Kun.uz uchun maxsus tayyorlandi.