Asl g‘avvos bo‘lsang durni ko‘rgaysan,

Sof bo‘lsang, ketar chog‘ hurni ko‘rgaysan.

Hammayoq zulmat, deb shikoyat qilma —

O‘zingda nur bo‘lsa, nurni ko‘rgaysan.

Mashhur rejissyor Georgiy Daneliyaning «Afonya» nomli komediya janridagi filmini hamma biladi. Qayta-qayta tomosha qilsangiz ham zerikmaysiz. Shu film qahramonini ishxonasida bezoriligi uchun muhokama qilishadigan joyi bor. Minbarda o‘tirgan rahbar militsiyadan kelgan xatni o‘qib eshittiradi va yig‘ilganlardan fikr bildirishlarini so‘raydi. Hech narsani eshitmay gazeta o‘qib o‘tirgan xodimni orqa tomonida o‘tirgan xodim sekingina turtib, «sen gapir» deydi. U o‘rnidan turib butunlay boshqa narsa to‘g‘risida gapiradi. Rahbar «Borshov to‘g‘risida nima deysan», deb so‘raydi. Orqadagi xodim tashakkur bildirish kerak, deb unga aytadi. U ham bir oz garangsib, tashakkur e'lon qilinsin, deb yuboradi. Zalda yengil kulgu ko‘tariladi.

Filmda masalaning mohiyatini tushunib yetmasdan, boshqa birovning gapi bilan fikr bildirish kulguli qilib ko‘rsatiladi.

O‘zA jurnalisti Sherali Otaboyevning Uza.uz saytida e'lon qilingan maqolacini o‘qib yuqoridagi filmni esladim. To‘g‘ri, har bir holat yuzasidan har kim o‘z fikrini bildirishi mumkin. Tanqid qilish ham foydadan xoli bo‘lmaydi, qachonki u asosli va aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa. Ammo maqola bilan tanishib chiqib, u yuzaki, hech qanday dalillarga asoslanmagan holda, faqatgina ko‘cha-ko‘yda eshitilgan gaplar asosida yozilganga o‘xshaydi, degan fikrga keldim.

Mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda respublikamiz hududida 16–17 mingtagacha yo‘l-transport hodisalari qayd etilar edi. 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 8-9 mingtagacha kamaydi. E'tibor qiling: teng yarmiga kamaydi. Mamlakatimiz fuqarolari va ularga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositalarining soni kundan-kunga oshib borayotgan bir sharoitda! O‘tgan asrning 90-yillaridagi avtomototransport vositalari soni hozirgi kunga kelib bir necha barobarga oshib ketdi.

Yo‘l-transport hodisalari esa harakatlanish xavfsizligini ta'minlash ishlari samaradorligi oshib borayotganligi, qonun-qoidalarimiz zamon talablari darajasida qayta ishlanib, to‘ldirib borilayotgani evaziga kamaymoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu borada juda katta ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Mana, bir misol: Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi» va «2018–2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» sohada ulkan o‘zgarishlar, tizimda tub burilish yasashga xizmat qilmoqda.