Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Prezident maktabi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Prezident maktabi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta birlik miqdorida tashkil etiladi, shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi Prezident maktabining ta'sischisi hisoblanadi.

Prezident maktablari bevosita Vazirlikka bo‘ysunadi. Vazirlik Prezident maktablari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va nazoratni amalga oshiradi.

Prezident maktablarida umumiy o‘rta ta'lim olish bepul amalga oshiriladi.

Prezident maktabini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta'lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitish tizimini shakllantirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma'naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash kafolatlarini ta'minlashdan iboratdir.

Prezident maktabi faoliyatining asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari:

iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek o‘quvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;

tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishni tashkil qilish, o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

o‘quvchilarni o‘qitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek ta'lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq ta'limi tizimiga tatbiq etish;

o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik san'atini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirish;

o‘quvchilarning umumta'lim fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini ta'minlash;

o‘quvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuyg‘usini, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qat'iy ishonch va qarashlarni shakllantirish;