Chempionlar Ligasi yarim finalining birinchi o‘yinlari o‘tkazilganidan so‘ng deyarli hech kim ingliz jamoalari finalga chiqa olishiga ishonmayotgandi. Muxlislar «Barselona» va «Ayaks» o‘rtasidagi finalning ssenariysini taxmin qilishni ham boshlab yuborishdi. Ammo ikki ingliz klubi butun Yevropa futbolining «oyog‘ini osmondan qilib yuborishdi». APLning qolgan chempionatlardan ilgarilab ketgani nihoyat xalqaro maydonda ham samara bera boshladi. 7 yillik tanaffusdan YeChL bosh sovrini Angliyaga ketadi. Quyida «Liverpul» va «Tottenhem» nimaning evaziga Chempionlar Ligasi finaligacha yetib kelishgani haqida fikr yuritamiz.

Premer-Ligadagi total o‘sish

«Liverpul» ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. O‘tgan mavsumda Klopp jamoasining finalga borishida APLning hissasi haqida gapirish qiyin edi, chunki «Liverpul»ning o‘zi mavsumni juda yaxshi o‘tkazgandi. Muhammad Salohning o‘yini ochilib ketgani ham asosiy omillardan biriga aylangandi. Ammo bu mavsumda ikkita finalchi ham APLdan. Bu esa chempionatning oxirgi yillardagi o‘sishi klublarning xalqaro natijalariga ham ijobiy ta'sir qila boshlaganini ko‘rsatadi.

APL kuchlimi yoki La Liga degan savol ko‘p yillardan buyon muhokama qilinadi. Qiziqarliligi jihatidan Angliya Premer-Ligasiga teng keladigan chempionat yo‘qligini ko‘pchilik tan oladi, ammo natijalar borasida APLning La Liga oldida «tili qisiqroq» edi. Endilikda Angliya Premer-Ligasini rasman dunyoning tengsiz ligasi deb atash mumkin. Kamida bu mavsumda.

Qanotli «Liverpul»

«Liverpul» Kataloniyadagi birinchi o‘yindan so‘ng juda mushkul ahvolga tushib qolgandi. Ayniqsa Messi o‘yin oxirida jarima nuqtasidan urgan gol Klopp jamoasiga jiddiy ruhiy zarba bo‘lgandi. Yetmaganiga javob bahsida Muhammad Saloh va Roberto Firmino jarohat sabab o‘ynay olishmadi. Xullas, hamma narsa go‘yoki «Liverpul»ning zarariga ishlayotgandi. Biroq birgina fakt «Liverpul»ning javob o‘yinidan oldin imkoniyatlarini saqlab qolayotgandi: jamoa murabbiyi Yurgen Klopp ekani! O‘yindan so‘ng futbolchilarini bitta-bitta quchoqlaydigan, hammaga pozitiv kayfiyat ulashadigan Klopp futbolchilari maydonda «o‘lib tirilishi» uchun nima deyish kerakligini biladi.

Kataloniyadagi o‘yindan so‘ng «Barselona» futbolchilari bilan ham ko‘rishgan, o‘z jamoasini tor-mor qilgan Messiga nimalardir deb, uning ham kayfiyatini ko‘targan Kloppning mardligi taqdirlanishi kerak edi! Shunday bo‘ldi ham. Bilasizmi, maydonda Saloh va Firmino bo‘lganida balki «Liverpul»ning kambeki amalga oshmasdi. Ular borligida futbolchilar xohlashadimi yo‘qmi, jamoasining yetakchisiga aylangan bu yigitlarga ishonib qolgan bo‘lishardi. «To‘pni ularga oshiraman, nima qilishni o‘zlari bilishadi» degan xulosa instiktiv tarzda xayollaridan o‘tgan bo‘lardi.