Ijtimoiy tarmoqlarda “Uy egalari uyini buzishga kelganlarni toshbo‘ron qildi va buzilishlarga o‘z tanasi bilan to‘sqinlik qildi. Oxiri katta janjal bilan tugadi” nomli videolavha tarqaldi. U Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 2017 yil 21 dekabr kuni da'vogar Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, Madrasa ko‘chasidagi uyda yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan K.M.ni, javobgar Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, M.Boltaboyev ko‘chasidagi uyda yashovchi fuqaro M.O. va boshqalarga nisbatan “O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish, noqonuniy egallab olingan yer maydonini da'vogarga qaytarish, javobgarlarni majburiy tartibda ko‘chirish, meros mulkini natura holda undirish haqida”gi da'vo arizasi bo‘yicha yuritilgan fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan.

Sudning 2018 yil 11 yanvar kuni hal qiluv qarori va shu kuni ijro varaqasiga ko‘ra, nizoli Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, Oydinhayot (sobiq M.Boltaboyev) ko‘chasida 1.389 kv.m, yer maydonida joylashgan uyga javobgar M.O. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 0001-literli uy-joy, 0002-literli ayvon va 0003-literli bostirma qurilmalari javobgar hisobidan majburiy tartibda yoki da'vogar tomonidan buzdirilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 89-moddasiga muvofiq, sud ijrochisining sud ijro varaqasi yuzasidan bo‘lgan talablarni O‘zbekiston Respublikasidagi fuqarolar, barcha davlat idoralari va boshqa mansabdor shaxslar bajarishga majburligi, shunga ko‘ra, sud bu ishga aloqador bo‘lgan barcha mansabdor shaxslardan va fuqarolardan sud qarorlarini aniq va o‘z vaqtida bajarishlarini va sud qarorlarini bajarayotgan sud ijrochilariga qonuniy yordam ko‘rsatishlari talab etilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Izboskan tumani bo‘limining 2019 yil 2 may kungi ijroni amalga oshirish haqidagi 9899-sonli xatiga asosan, FIB Izboskan tumanlararo sudining 2018 yil 11 yanvar kungi hal qiluv qarori va ijro varaqasi ijrosini ta'minlash maqsadida 2019 yil 4 may kuni soat 11.00da Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘inida joylashgan noqonuniy qurilmani buzdirish tayinlangan.