«Dunyo» axborot agentligining Kazinform nashriga tayanib xabar berishicha, tashabbus Qozogʻiston–Oʻzbekiston–Afgʻoniston–Pokiston - CASA yoʻnalishini qamrab oladi.

Loyihaning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi temiryoʻl aloqalarini kuchaytirish, xalqaro yuk tashish hajmini oshirish hamda savdo va logistika imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Yoʻnalish orqali Pokiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

Memorandum doirasida loyihaning texnik va iqtisodiy jihatlari oʻrganiladi. Jumladan, zarur infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari, moliyalashtirish mexanizmlari va loyihani amalga oshirish shartlari baholanadi.

Tomonlar CASA loyihasini batafsil ishlab chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzish imkoniyatini ham muhokama qilgan.

Tashabbusda Qozogʻiston va Oʻzbekistonning mavjud temiryoʻl tarmoqlari hamda tranzit salohiyatidan foydalanish koʻzda tutilmoqda. BAA esa transport, logistika va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tajribasi bilan ishtirok etishi kutilmoqda.

Hozircha xabarda loyihaning qiymati, qurilishni boshlash va yakunlash muddatlari keltirilmagan. Imzolangan memorandum loyihani birgalikda oʻrganish va ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni nazarda tutadi.