Jurnalist Komiljon Shamsiddinov O‘zbekistonning sobiq davlat kotibi Rahim Rajabov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan. Quyida u to‘liq holda keltiriladi.

– Rahim Rajabovich, Siz mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi va so‘nggi (yagona) Davlat kotibi bo‘lgan odamsiz. Masalan, AQShni olsak, u mamlakatda bu lavozimdagi odam tashqi siyosatni boshqaradi. Lekin yaqin tariximizga boqsak, Siz bu lavozimda ishlagan davrda O‘zbekistonda tashqi ishlar vaziri ham faoliyat yuritgan. Unda Sizning vazifangiz nima edi? O‘zi u lavozim nega ochilgan-u, nega tugatilgan?

– Mustaqillik hamma uchun kutilmagan voqea bo‘lgandi. Davlat – kichik bo‘lsayam, davlat-da, ro‘zg‘orning katta-kichigi bo‘lmaydi. Uning tashvishlari bor. O‘sha paytda ularni hal qilishda birgina Prezidentning qo‘lidan ko‘p ish kelmasdi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, “Sen Prezident bo‘lasan” deya bizda biror odam maxsus tayyorlanmagan. Birinchi Prezidentimiz o‘z komandasini yiqqan paytda, biz ham o‘sha jamoaga tushib qolganmiz. U kishi “Men bir tomonni, sen boshqa tomonni olib borasan”, degandilar. Keyinroq ko‘p tashvish mening o‘zimga qolib ketgan. U kishining tashqi davlatlar bilan bog‘liq va shunga o‘xshash ishlari ko‘payib ketgan. Ichkaridagi ishlarniyam kimdir qilishi kerak-ku. Eng katta muammolar – xalq och, o‘z pulimiz yo‘q, chegaralar ochiq, uni o‘zimiz himoya qilishimiz kerak edi.

Ilk to‘rt-besh yilimiz, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, yomon kechmadi. Keyinchalik, rahmatli Islom Abdug‘aniyevichning ham yoshi ulg‘ayib, tajriba orttirdi. Saylovdan so‘ng o‘zim “Do‘stim, endi mening vazifamni ham qisqartiring”, deb aytganman va Davlat kotibligidan – o‘zimning avvalgi ishimga, ya'ni Vazirlar Mahkamasi raisi muovinligiga ketganman.

Yana bir gap. O‘sha paytlarda Prezident atrofida davlatga vijdonan xizmat qilaman, degan odamlar kamayib keta boshladi: noma'qul odamlar ko‘payib, hammasi bir “mafiya” bo‘lib qoldi. Mundoq o‘ylasangiz, Prezidentni yomon deydigan odam men bo‘lishim kerak edi. O‘sha paytda, “Sen bilan ishlamayman” deya ketganimcha – o‘ttiz yildan buyon haliyam ishlamayman. Hech kimning “odami” ham bo‘lmaganman...

– Mustaqil bo‘lgach, O‘zbekistonning yer osti boyliklari, ya'ni oltin, neft va gazning hisobi olingan edimi?