O‘zbekiston birinchi prezidentining birinchi va so‘nggi davlat kotibi Rahim Rajabovning taniqli jurnalist Irismat Abduxoliqov tomonidan yozib olingan xotiralari O‘zA'da e'lon qilindi. Quyida ushbu maqola to‘liq holda taqdim etiladi. 

Foto: O‘zA

O‘shanda bizda davlat boshqaruvi tarixida kutilmagan qaltis vaziyat ro‘y berdi. Prezident hatto O‘zbekiston televideniyesi orqali chiqish qilib, "pulinglar bo‘lsa mol-jon sotib olinglar, ushlab turmanglar, sarflanglar", deb to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqqa murojaat qildi. 

Rossiya eski pulining o‘rniga bir necha himoya vositasiga ega bo‘lgan yangi pulini chiqardi. Oldi-sotdiga joriy etildi, lekin O‘zbekistonda hali hech kimda bunday pul yo‘q edi. Odamlar qo‘lida bo‘lgan eski 50 rublliklar bir kechada kuyib ketdi. O‘shanda bozor iqtisodiyotiga o‘tishni, mustaqil ish faoliyati yuritishni endi boshlagan qanchadan-qancha odamlar qo‘lida ko‘k rangli dasta-dasta pullar faqat tandir-o‘choqda yondirishgagina yaraydigan oddiy bir qog‘ozga, “pista po‘choq”qa aylandi-qoldi. 

O‘z pulimizning yo‘qligi ish samaradorligiga ham ta'sir ko‘rsata boshladi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak, degan savol Islom Karimovga tinchlik bermay qo‘ydi. Bilasizmi, shunday murakkab bir paytda buyuk sarkarda Amir Temur yordamga keldi, desam, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Aniqroq aytganda, Sohibqironning mablag‘i tugab qolgani, hatto askarlarga beradigan nafaqa puli ham yo‘qligi haqida dunyoning qaysidir mamlakatidan chopar orqali Samarqandga yo‘llagan maktubi va unga suyukli yori, maslahatchisi Bibixonimdan kelgan javob Islom Karimovning yodiga tushdi. Buyuk Amir Temurning aqlda tengsiz, suyukli rafiqasi Bibixonimning “Amirim, ha, agar pulingiz yo‘q bo‘lsa, aqlingiz ham yo‘qmi, unga nima bo‘lgan?!” degan so‘zlari Islom akaning bu masalaga yechim topishiga katta turtki berdi. 

Shu gaplarni yozyapman-u, Islom Karimovning mustaqillikning dastlabki yilida xorijga qilgan tashriflari yodimga tushadi. Pul islohotidan bir-ikki yil burun O‘zbekiston Prezidenti avval Hindistonga, so‘ng Turkiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Xorijiy safarga ketish arafasida delegatsiya a'zolariga “vedomost”ga qo‘l qo‘ydirib, Hindistonga bo‘ladigan uch kunlik safarga 16 dollar, Turkiyaga esa 21 dollar miqdorida xizmat safari haqi berilgan edi. Ha, haqiqatdan ham pul tanqis edi. Odatda, pul yo‘q bo‘lsa, oldi-berdi ham to‘xtaydi.