Haj — Islom dinidagi 5 farzdan biridir. Bizda asosan piri-badavlat qariyalarimiz Saudiya Arabistoniga haj safarini amalga oshirishni kutib yashashadi.

Uzoq yillar davomida O‘zbekistondan har yili 5,2 ming hoji muborak haj safarini amalga oshirgan bo‘lsa, endi bunday baxtli insonlar soni 7,2 mingga yetdi.

Bu — O‘zbekistondagi talabni qondira oladimi? Aslo yo‘q. Bu atayin navbat hosil qilish, allakimlar mana shu muqaddas ziyorat orqasidan ham mo‘may daromad qilish uchun o‘ylab topilgan choraga o‘xshab ketadi ko‘proq. Chunki, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston uchun yiliga 30 ming kvota ajratadi.

O‘tgan yillarda boshqa ko‘p sohalarda monopoliya va o‘zini oqlamagan «cheklangan kvotalar» ortidan sun'iy navbatlar hosil qilinib, korrupsiya atalmish baloning ildiziga suv quyilganiga ko‘p guvoh bo‘ldik. Ne baxtki, ayrim mas'ullarimiz ibodat ishi bo‘lgan mazkur sohada ham bu jirkanch usuldan foydalanishdan uyalishmayapti. Bunday «sun'iy navbat»lar ortidan haj ziyoratini amalga oshirolmasdan olamdan o‘tib ketayotganlar qancha?..

Yoki pora evaziga hajga borayotganlarni eshitib turamiz. Ayniqsa, nopok jinoyatchilar harom pullari evaziga hajga borayotganiga ham guvoh bo‘lish mumkin. Non o‘rtasiga qoradori joylab, Samarqand aeroportida qo‘lga tushgan urgutlik hojini eslang.

Aslida, Haj va Umra safarlarini tashkil qilish boshqa davlatlardagidek turoperatorlarga o‘tkazilsa olam guliston — xohlagan odam pulini to‘lab, istagan vaqtida Umraga yoki Hajga boraveradi. Sohaga bozor mexanizmlari va raqobat kirib keladi, sifat oshadi — narxlar ham tushadi.

Biroq hukumat farmoyishida bu borada ishlar boshlanishi kerakligi aytilgan bo‘lsa-da, takliflar ishlab chiqish paysalga solinmoqda, tashkilotchilik uchun mas'uliyat esa hamon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tasarrufida qolmoqda. Kimning ham «tilla tuxum tug‘adigan tovuq»ni bo‘g‘izlagisi keladi, axir?!

«Haj ziyoratiga borish uchun talabgorlar juda ko‘pligi, navbatlar uzunligini tan olishimiz kerak. Lekin Haj, Umra kabi muqaddas ziyoratlarga pora aralashtirishning o‘zi absurd, kimdir shunday yo‘l bilan borishga harakat qilishi katta gunoh»,degan edi