Ijtimoiy tarmoqda iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning  O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha bildirgan qisqacha munosabati ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi

O‘z munosabatida iqtisodchi mamlakat budjetida ilk bor eng katta taqchillik yuzaga kelgani va tahlilchilar defitsitni YaIMning 4 foizidan kam emasligini ta'kidlashayotgani haqida yozgan. 

«2018 yil yakunlariga ko‘ra, tashqi savdo balansidagi taqchillik 2 milliard AQSh dollariga teng, joriy yilning birinchi choragida raqam yana kattalashdi. Oltin-valuta zaxirasi kamayishi oqibat va fakt sifatida ko‘rinadi. Yillik giperinflatsiya 20 foizdan kam emas, standart tijoriy loyihalar uchun yuqori kredit manbalari (yillik 22-23 foiz) va siyosiy sabablarga ko‘ra loyihalar uchun subsidiyalangan ustamalar yo‘q (yiliga 7-8 foiz) », — deb yozadi iqtisodchi.

Tadbirkor Zafar Xoshimovning bayon etishicha, Abduqodirov bildirgan fikrning aksariyat bandlari hissiyot ustida yozilgan bo‘lib, merkantilizm ruhida ifoda etilgan.

 «Budjet taqchilligi doimo mavjud bo‘lgan, hattoki hozirgi holatidan ham yuqoriroq ko‘rsatkichlarda bo‘lganligiga aminman. Biroq avval u e'lon qilinmagan. Shuning uchun ham ushbu holatni rekord darajada, deb talqin etish xato sanaladi. Mazkur budjet kamomadlari mug‘ombir, vaqti cho‘zilgan tarqoq budjet transferlari yoki «kechiktirilgan talab»  va hokazo yo‘llar bilan yopib kelinardi», — degan tadbirkor. 

Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, tashqi savdo balansidagi salbiy saldo ham O‘zbekiston iqtisodi uchun me'yoriy holat hisoblanadi. 

«Aslini olganda, rasmiy importning o‘sib boruvchi ko‘rsatkichlari yaxshi jarayondir. Birinchidan, mamlakatda valuta siyosatining liberallashtirilishi va bojxona to‘lovlarining kamaytirilishi hisobiga import soyadan, ya'ni xufyona iqtisodiyot doirasidan chiqayotganini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, o‘suvchi import o‘z ortidan eksportning ham o‘sishini ergashtiradi va ushbu poygada iqtisodiyot eksportga yo‘naltirilgan bir sharoitda import o‘sishi aksariyat hollarda eksport o‘sish sur'atlaridan oldinda yuradi.

Yana bir bor takrorlayman, bu normal holat va mamlakat iqtisodiyoti uchun hatto yaxshi ham. Agar import eksportni quvib o‘tmaganida, so‘m kursining kuchaytirilishiga olib kelar, natijada eksport o‘sishiga to‘siq qo‘yilgan bo‘lar edi», — deydi u.