Ayni vaqtda respublika miqyosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi jarayoni davom etmoqda.
Fuqarolar yig‘inlari raislari vakolat muddati tugamoqda. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Senati qaroriga ko‘ra, 2019 yil may oyida fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tkazish belgilandi.
Bu galgi saylov 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonuni asosida tashkil etilmoqda.
Qonun asosida avvalgi saylovlar jarayoniga bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Xususan, fuqarolar yig‘ini raisi bilan bir vaqtda ularning maslahatchilarini saylash tartibi bekor qilindi. Fuqarolar yig‘ini raisi ikki yarim yil muddatga emas, uch yilga saylanadigan bo‘ldi. Shuningdek, saylovda qatnashadigan vakillar soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n ikki foizini tashkil etishi lozimligi, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi faqat yashirin ovoz berish orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Kun.uz tahririyatiga ushbu saylovlar yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Ularning aksariyatida saylovlarda qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgani, saylovni shaffof va xolis o‘tmaganidan shikoyat qilingan.
Mazkur murojaatlar asosida tahririyat muxbirlari o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvlar saytimizda e'lon qilib borilmoqda.
Tahririyatga Kattaqo‘rg‘on tumani «Kattako‘rpa» mahallasi aholisi ham shu mazmunda murojaat qildi.

«Mahallamizdagi bo‘lib o‘tgan saylovda qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yildi. Vakillar soni yetarli bo‘lmasa-da, birovning nomidan ovoz berish holatlari kuzatildi. Ovoz to‘plashda noxolislikka yo‘l qo‘yildi. Biz ushbu saylovdan norozimiz va qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblaymiz», – deyiladi bir guruh fuqarolardan kelgan murojaatda.
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, fuqarolar va fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga mas'ul bo‘lgan mutasaddilar bilan suhbatlashdik.

«Dastlab saylovga ikki nomzod ko‘rsatilgan edi. Saylovdagi ikki nomzod bo‘yicha saylov byulleteni ham chiqarilgandi. Ammo saylovga bir kun qolganda uchinchi nomzod qo‘shilib, saylov byulleten qaytadan chop etilgan. Uchinchi nomzod qayerdan paydo bo‘lganini haqida bizga tushuntirish ham berilmadi. Saylovda aynan shu uchinchi nomzod saylandi va shu nomzodga ovoz berish haqida saylov jarayonida mahalladagi ishchi guruh raisi A.Boboqulov tomonidan yashirincha targ‘ibot ham qilindi. Ovoz to‘plashda shu tariqa qonun buzilishiga yo‘l qo‘yildi. Vakillar aynan uchinchi qo‘shilgan nomzodga ovoz berishi kerakligi haqida ogohlantirilgan», – deydi biz bilan suhbatda murojaatchilardan biri.























