Prezidentning qator qarorlariga muvofiq, O‘zbekistonda gaz o‘rniga muqobil yonilg‘idan foydalanishga o‘tish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Bugun, 28 may kuni O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan issiqxonalarning afzalliklari haqida tushuncha berish maqsadida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan, pomidor yetishtirishga ixtisoslashgan Turon Tomates issiqxonasiga press-tur tashkil etildi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Gap shundaki, gaz tobora yuqori qiymatli tabiiy resursga aylanmoqda va undan yonilg‘i sifatida foydalanish ham vaqt o‘tgan sari qimmatlashib bormoqda. Ko‘mirdan foydalanishga o‘tish esa mahsulot tannarxining oshib ketish xavfini sezilarli darajada pasaytiradi, zero ko‘mir gazga nisbatan arzonroq yonilg‘i turi hisoblanadi.
Sohada 40 yillik tajribaga ega "Energogaz" korxonasi rahbari Jamshid Yakubov issiqxonani isitishga ko‘mak beruvchi qozon va uning ko‘mirda ishlashiga alohida to‘xtalib o‘tdi:

"Bu ko‘mirda ishlovchi, suvni isitishga mo‘ljallangan qozon bo‘lib, unda asosan chetdan olib kelingan ko‘mir yoqiladi. Bizda asosan Angrenda qo‘ng‘ir ko‘mir va Surxondaryoda toshko‘mir bor. Angrendagi qo‘ng‘ir ko‘mirning issiqlik berish qobiliyati biroz pastroq. Surxondaryoniki esa ikki baravar ko‘p. Chetdan keltirilayotgan ko‘mirning bir tonnasi 50-55 dollarga tushmoqda. Narxini solishtirganda ham, bizniki 1000 so‘m bo‘lsa, chetdan keltirilgani 600-700 so‘mga tushmoqda".

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, qozon uchun asosan Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keltirilgan ko‘mir ishlatiladi, uning issiqlik berish qobiliyati - 5-6 ming kilokoloriyagacha. Ushbu tejamquvvat qozon O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lib, xususiyatlariga ko‘ra xorijning shunday qozonlaridan qolishmaydi.

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslarini 1 gektarga hisobga olgan holda mahsulot yetishtirish tabiiy gazdan ko‘ra ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadigan mahsulotlar 36 foiz arzonroqqa tushishi yoki 90 million so‘m miqdorida qo‘shimcha daromad keltirishi mumkinligini ko‘rsatdi.



















