O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

Belgilanishicha:

2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat organlari zimmaga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiya xavf-xatarlarini vaqti-vaqti bilan majburiy baholab boradi, uning yakunlari bo‘yicha:

korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning ro‘yxatini shakllantiradi;

idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har choraklik monitoringini amalga oshiradi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralarini ko‘radi;

Idoralararo komissiya bilan kelishgan holda har yilgi idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarini tasdiqlaydi;

har yili Idoralararo komissiyaga tegishli organlar va tashkilotlar faoliyatida, shu jumladan, qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish orqali korrupsiya xavf-xatarlariga barham berish bo‘yicha takliflarni kiritadi.

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlamaganliklari va tegishli baho bermaganliklari, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni takroran sodir etish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari yuzasidan shaxsan javobgar bo‘ladi.