«Chelsi»ning kechagi g‘alabasi qaysidir ma'noda 2016 yilgi Angliya Kubogi finalida «Manchester Yunayted»ning «Kristal Pelas»ni yutganini eslab yubordi. Gap murabbiylarda. O‘sha kuni faoliyatidagi so‘nggi sovrinini yutgan Lui van Gaal bilan kecha ilk marta biror turnirda g‘alaba qozongan Maurisio Sarri o‘rtasida bir o‘xshashlik bor. Ikkalasi ham ajoyib emotsiyalar, gollar, finaldagi g‘alabalardan keyin iste'foga chiqarilmoqda. Sarri holatida hali rasman e'lon qilinmadi, lekin bu haqiqatga yaqinroq. Va mantiqliroq ham.
Sababi, Maurisio Sarri ham xuddi niderlandiyalik hamkasbi kabi o‘z uslubiga, jamoada qurmoqchi bo‘lgan falsafasiga zid yo‘ldan borgan holda sovrin yutishdi. Ya'ni, kechagi g‘alaba Sarrining Londonda qurmoqchi bo‘lgan yangi jamoasi uchun poydevor bo‘lishini, nihoyat «Chelsi» o‘z yo‘lini topganini ko‘rsatmaydi. Ha, balki, mavsum davomida «Chelsi» o‘z yo‘lini topgandir, ammo shubhasiz, bu Sarrining yo‘li emas.
«Napoli»dan tashrif buyurgan murabbiy ilk oylardanoq «Chelsi» falsafasini o‘zgartirishga kirishdi. Jamoaning faol pressing va yuqori himoyada o‘ynay boshlashi «Stemford»da avval muvaffaqiyatli ishlagan Joze Mourino, Antonio Konte va hatto Karlo Anchelotti g‘oyalaridan keskin farq qilardi. Sarri bilan Neapoldan tashrif buyurgan Jorjino jamoa yuragiga aylandi, «Chelsi» esa, juda samarali natijalar qayd etib, «Manchester Siti» va «Liverpul» bilan ma'lum muddat raqobatlashdi ham.
Keyinchalik, natijalar yomonlasha boshlagach, Sarrining qaysarligi muhokama qilina boshlandi hamki, murabbiy bilganidan qolmadi – «men o‘z uslubimdan hech qachon voz kechmayman». Bu turish Pep Gvardiolaning dastlabki yildagi javobini eslatib yuborgandir, axir aynan Gvardiola tanqid-u shubhalarga qaramasdan, o‘z falsafasiga sodiq qolgan va keyingi yilda hech kim teng kela olmaydigan mashinani yaratdi-ku...
Ammo «Chelsi» «Manchester Siti» emas, Abramovichning, umuman londonlik futbolchilarning murabbiylarga munosabatini, iste'fo tajribasini juda yaxshi bilamiz. Sarri baribir jadvalning yuqori qismida yursa-da, uning ketishi haqidagi gaplar ko‘payib bordi. Ayniqsa, fevral oyida Manchester klublaridan umumiy – 0:8 hisobidagi mag‘lubiyat, Bornmutdagi sharmandalik, Kepa voqeasi, hammasi Sarrining iste'fosidan darak bera boshladi.
Lui van Gaal hatto o‘sha final kechasidayam uni ketkazishlarini bilmagan, ertasiga iste'foga chiqarilishini shok o‘laroq qabul qilgandi. Menimcha, Sarri ancha avvalroq ketishi haqida bilgan, balki shuning uchun qaysarlikni to‘xtatib, o‘z falsafasi bilan emas, natija keltirishi mumkin bo‘lgan taktikalarga ko‘proq murojaat qila boshlagan. U endi e'tiborini o‘z jamoasini qurishda davom etish, masalan, kelasi mavsumlar uchun ham poydevor qurish, nimanidir tayyorlashga emas, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish, Yevropa Ligasida yutish kabi qisqa masofali strategiyalarga qarata boshladi.















