MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.

Mazkur yig‘ilish Hamdo‘stlik davlatlari Ichki ishlar vazirlari Kengashining 46-uchrashuvi hisoblanib, u an'anaviy tarzda qizg‘in va konstruktiv hamda hamfikrlilik ruhida bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Ozarboyjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Armaniston Respublikasi Politsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston Ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Kengashning bu galgisida Hamdo‘stlik davlatlari hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Byuro direktori O.F.Konovalov, Ijro qo‘mitasi qoshidagi MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari Kengashi vakili A.N.Kuleshov, Ijro qo‘mita o‘rinbosari A.D.Smagulov, shuningdek MDH Antiterror markazi rahbari A.P.Novikovlar qatnashdilar.
Ayni vaqtdagi Ichki ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishiga raislik qilish vazifasi Ozarboyjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga o‘tdi.
Ichki ishlar vazirlari Kengashida kun tartibiga qo‘yilgan 7 banddan iborat keng qamrovli vazifalar ko‘rib chiqildi.
Birinchi masala “MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasining hamkorligi va davlatlararo jinoyatchilikka qarshi kurashish dasturini amaliyotga joriy etishning ustuvor masalalari to‘g‘risida” nomini oldi.
Muhokamalar mobaynida yig‘ilish ishtirokchilari dolzarb masalalar va Hamdo‘stlik davlatlari Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasining istiqboldagi hamkorligini kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish davlatlararo dasturi amaliyotga joriy qilinishining, shuningdek hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar va maxsus operatsiyalarning ijobiy natijalari qayd etib o‘tildi.















