Koreya Respublikasiga ishga yuborishda yangi test tizimi joriy etildi. Bu haqda O‘zbekiston mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Ravshan Shoraimov ma'lum qildi.
Bugun, 1 iyun kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda yangi test tizimi afzalliklari hamda koreys tilidan bilimni baholash markazlari faoliyati, test o‘tkazish jarayoni, fuqarolarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.
Ravshan Shoraimovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda Koreyaga ishga jo‘natishda tashkil qilingan test sinovini respublikaning 3 ta bilimni baholash markazlari o‘tkazish huquqiga ega. Kelajakda ularning soni yanada ko‘paytiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu markazlarni tashkil etish uchun yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan va vazirlik akkreditatsiyasidan o‘tish lozim.
Fuqarolar ushbu markazlarga murojaat qilishda quyidagi talablarga javob berishi kerak:
• yoshi 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lishi;
• avval Koreyada bo‘lgan bo‘lsa, deportatsiya qilinmagan bo‘lishi;
• muqaddam sudlanmagan va qonunda belgilangan tartibda O‘zbekistondan chetga chiqishga taqiq qo‘yilmagan bo‘lishi;
• sog‘lom bo‘lishi.
Bilimni baholash markazlari faoliyati quyidagi bosqichlardan iborat:
• fuqaro markazga murojaat qiladi;
• EKIH ning 1,5 baravari miqdorida imtihon to‘lovini amalga oshiradi;
• koreys tilidan imtihon topshiriladi;
• imtihon natijalariga ko‘ra, 100 ball shkalasida 70 balldan yuqori to‘plaganlarga markaz tomonidan sertifikat beriladi;
• markaz sertifikat ro‘yxatini tuzib har juma kuni vazirlikka hisobot topshiradi;
• vazirlik shanba kuni ro‘yxatni tekshiradi va undan o‘tgan fuqaro koreys tilidan EPS-TOPIK imtihonini topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imtihon 2 bosqichda o‘tkaziladi:
1. Koreys tilidan EPS-TOPIK imtihoni. Bunda 2000 nafar ishtirokchi qatnashadi.
2. Malaka testi (skill test). 1000 nafar qatnashchi imtihon topshiradi va undan so‘ng saralash bosqichi tugagach, 500 nafar fuqaro Koreyaga ishga jo‘natiladi.















