Saudiya Arabistoni va bir qator davlatlarda 4 iyun kuni Ramazon hayiti deb e'lon qilingach, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan Kun.uz o‘quvchilariga bu boradagi fikrlarini taqdim etdi.
«Bugun biz ro‘za tutamiz. Chunki bizning mintaqamizdan g‘arbroqda joylashgan arab davlatlariga oy ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Chunki Yangi hilol G‘arb tomondan ko‘rinib boshlaydi. Ammo musulmon davlatlarning 70 foizida hayit 5 iyun kuni bo‘ladi.
Bu borada Saudiya Arabistoniga ergashish vojib amal emas. Chunki har bir mamlakat o‘z hududida Oyning ko‘rinishini kuzatishi kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning «Hilolga qarab ro‘za tutinglar, hilolga qarab ochinglar», degan hadisiga amal qilinadi. «Makkaga qarab tutinglar yoki ochinglar», degan buyruq yo‘q.
Mana shunday holatdan foydalanib, o‘zbekistonlik musulmonlarning orasiga fitna solishga urinayotganlar topiladi. Unday fitnalarga uchmasligimiz kerak. Bu borada fatvoni diniy idora chiqargan. O‘zbekiston musulmonlari o‘zini hurmat qiladigan bo‘lsa — O‘zbekiston Musulmonlari idorasining raisi muftiy hazratlarining fatvosiga bo‘ysunishi vojib hisoblanadi.
Qolaversa, bizda azaldan falakiyotshunoslik fani taraqqiy etgan. Osmon jismlarini kuzatuvchi observatoriyalarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu joyda yangi oyning tug‘ilish fazasini hisob-kitob qilish va kuzatishning texnik imkoniyati borligiga ishongan holda, yon atrofimizdagi davlatlar ham bizga iqtido qilishgan», — dedi Nuriymon Abulhasan.
Osmonda oyni kuzatib, hijriy-qamariy oylarning boshlanish kunini belgilash bilan shug‘ullanuvchi moonsighting.com saytida 2 iyun kuni tongda Indoneziyada tushirilgan Oyning fotosurati keltirilgan.

Suratdan ko‘rinib turibdiki, hali Ramazon oyining eski hiloli to‘liq tugamagan. Bir kun (3 iyun) davomida yangi oy tug‘ilib, keyin (4 iyun kuni) Shavvol oyining hiloli ko‘rinish beradi.
Shu saytda 3 iyun kuni oyning ko‘rinish xaritasi ham keltirilgan.

Xaritaga ko‘ra, 3 iyun kuni shomda Yevroosiyo materigi va Afrikada yangi hilol ko‘rinish bermasligi kerak bo‘lgan. Sayt xodimlari ham yangi oy ko‘rinmagani va uning ko‘rinishi kutishayotganini yozishgan.
4 iyun kuni oy ko‘plab mintaqalarda qurollanmagan ko‘z bilan ham yaqqol ko‘zga tashlanishi tasvirlangan.

















