Og‘ir mavsum, o‘yindagi muammolar va murabbiylar qo‘nimsizligidan keyin «Real» yozgi transferlar oynasi ochilishini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Florentino Peres butkul halokatga yo‘liqmaslik uchun Zinedin Zidanni qaytardi va yangi futbolchilar xarid qilish uchun kart-blansh taqdim etdi. Le Parisien nashri ma'lumotiga ko‘ra, Madrid klubi rahbariyati yozgi transferlar uchun 600 million yevro ajratgan.

«Real» bu pullarning bir qismini transferlar darchasi ochilishidan oldin sarflab bo‘ldi: «Portu»dan 21 yoshli himoyachi Eder Militao (50 million yevro) va «Santos»dan 18 yoshli vinger Rodrigo (45 million yevro) xarid qilindi. Aniqki, bu yosh braziliyaliklar ispan grandining «ishtahasi»ni qondira olmasdi. Shu kunlarda «Ayntraxt»dan 21 yoshli serbiyalik hujumchi Luka Yovich «Real»ga kelishi e'lon qilindi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, «Qirollik klubi» bu transfer uchun 60 million yevro to‘laydi.

Yaqin vaqtlarda Madrid klubi yana bir necha shov-shuvli transferlarni amalga oshirishi kutilmoqda.

Eden Azar («Chelsi»)

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

«Chelsi» yetakchisi o‘z kumiri bilan birlashuvi - amalda hal bo‘lgan masala. Azar bir necha yildan buyon tinimsiz ravishda «Real»ga simpatiyasini yashirmay keladi. Nihoyat uning orzusi ushalmoqda. London klubida 7 yildan buyon to‘p surib kelayotgan belgiyalik hujumchining amaldagi shartnomasi keyingi yilda tugaydi va u shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Shu tufayli, uning transfer qiymati kamtargina - «Real» uni 110 million yevro to‘lab (yana 15 million yevro miqdoridagi bonuslar va'da qilib) o‘ziniki qilishi mumkin. «Chelsi» esa ketishni istayotgan futbolchisini ushlab o‘tirmay, uni keyingi yil tekinga qo‘yib yuborgandan ko‘ra bu yil sotishga rozi bo‘ladi. 

Nima bo‘lgan taqdirda ham Azarning transferi - «qaymoqranglilar» uchun katta muvaffaqiyat. Shuncha yildan buyon London klubida barqaror o‘yin ko‘rsatib kelgan bu futbolchi «Real»da o‘zini ko‘rsata olmasligiga ishonish qiyin.

Kristian Eriksen («Tottenhem»)

​​​​​Foto: Giuseppe Maffia/NurPhoto via Getty Images

Eriksen bo‘yicha muzokaralar esa «Real» uchun u qadar oson kechmayapti. O‘zining superxasisligi bilan tanilgan «shporlar» prezidenti Deniel Levi futbolchi uchun 100 million funtdan ortiq mablag‘ (113 million yevro) so‘ramoqda. «Qaymoqranglilar» esa buncha to‘lashga rozi bo‘lishmayapti. Bundan avvalroq klub «shporlar»ning 132 million yevrolik talabiga (150 million yevro) rozi bo‘lmagan.