O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper juma kuni Toshkentda KXDRga qarshi o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Uning so‘zlarini Tribuna.uz muxbiri keltirib o‘tdi.

«Ba'zi narsalarni tushuntirib o‘tmoqchiman. Butun o‘zbek xalqiga murojaat qilmoqchiman. Biz murabbiylar doim yangi joyga ishga kelganimizda adaptatsiya jarayonini boshdan kechiramiz. Bilaman, bu ko‘pchilikni qiziqtirmaydi. Moslashish jarayoni dasturimiz bilan bog‘liq. Dastur – bu loyiha. Ko‘pchilik 2018 yildan 2022 yilgacha muddatga, yilma-yil dastur qilish kerak, deb hisoblaydi. Lekin bunday bo‘lmaydi. Biz maqsadimiz yo‘lida intilishni, har qanday jamoa ustidan g‘alaba qozonishni o‘rganishimiz kerak. Biz hozir bir tekisda ketyapmiz.

Bizning ishonchimiz, dasturimiz asosi faqat natijalarga bog‘lanib qolmasligi kerak. Agar faqat natija kerak bo‘lsa, u holda biz murabbiylar FIFA reytingidan kelib chiqib osonroq raqib tanlaymiz. Natija uchun o‘ynaganimizda, FIFA reytingidagi 70-100-o‘rinlardagi jamoalarga qarshi o‘ynagan bo‘lardik. Shunday qilsak, natijadan hamma mamnun bo‘lardi. Biz shunday dastur yaratishimiz kerakki, har qanday raqibga qarshi o‘ynashga tayyor bo‘lishimiz kerak.

Masalan, Urugvay bilan o‘ynadik. FIFA reytingidagi 7-jamoa. Natijaga qaraydigan bo‘lsak, yutqazdik – bo‘ldi, yomon. Lekin unday emas. O‘sishni istasak, biz o‘zimizdan yuqori darajadagi jamoalar bilan o‘ynashimiz kerak. Shunda xatolarimiz ko‘rinadi.

Buni aytishimdan maqsad, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin tushunadigan odamlar bor. Ba'zida federatsiyaga, ba'zida o‘zimga taklif bildirishadi. Argentina bilan ham o‘ynashimiz mumkin. Nega endi o‘ynamasligimiz kerak ekan? Dide Desham bilan ham juda yaxshi tanishman. U menga aytgandi, o‘rtoqlik o‘yini o‘ynashimiz mumkin. Dunyoning birinchi raqamli jamoasi bilan o‘ynashimiz mumkin edi. Yutishimiz ham mumkin hatto. Buni aytishdan maqsad, loyiha haqida gapirganda balansga amal qilish kerak.

Turkiya bilan o‘ynadik, to‘g‘rimi, yutqazdik? Bundan ko‘pchilik norozi. Hammaning fikri bor, lekin futbolni tushunadigan va tushunmaydigan odamlar bor. Oddiy muxlis faqat g‘alaba qozonishni istaydi. Turkiyaning 80 foiz o‘yinchisi Yevropada o‘ynaydi, lekin bu muxlislarni qiziqtirmaydi.

Ba'zida raqibga past, ba'zida yuqori baho berib yuboramiz. Lekin bu – o‘rtoqlik o‘yini. Qatarni 2:0 hisobida yutganimizda hech kim ko‘chaga chiqib bayram qilmagandi. Vaholanki keyinroq Qatar Osiyo chempioni bo‘ldi.

Biz kuchli jamoalarni yutamiz, deb aytmaymiz. Lekin bizda struktura bo‘lishi kerak.

Oddiy muxlislarda shubha bo‘lishi mumkin, lekin futbolchilar bu yerda o‘zlarini juda yaxshi his etishyapti. Federatsiya ham ishonyapti. Ba'zida nimadir o‘xshamasligi mumkin. Biz shunday yo‘l tutishimiz kerakki, hammaga yoqishimiz kerak.