Bir guruh yoshlar tomonidan Kun.uz tahririyatiga yuborilgan murojaatda Samarqand shahridagi Navoiy shohko‘chasida qurib bitkazilgan «Yoshlar uyi» masalasida qator muammolarni tilga olishgan.

«Biz 2016 yilda, sobiq «Kamolot» YoIH viloyat kengashi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, shakllantirilgan ro‘yxat asosida, yosh oilalar uchun quriladigan arzon uy-joylardan sotib olish huquqiga ega bo‘lgandik. Ushbu uyni qurish bo‘yicha tender 2017 yil 2 martda o‘tkazildi. Unda mazkur uy-joyni 4 qavatli 32ta xonadonga mo‘ljallab 10 oy muddatda qurish belgilangan bo‘lib, qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan 3.770.714.387 so‘m, qo‘shimcha qiymat solig‘isiz esa 3.142.261.989 so‘m ajratilishi aytilgan.

Uyni qurish ishlari 2017 yilda boshlangan bo‘lsa-da, o‘n oyda emas salkam uch yarim yildan keyin 2019 yil mart oyida bitdi. Shu davrgacha bizga, «2017 yil Mustaqillik bayramiga, 2017 yil 8 dekabrga, 2017 yil oxiriga, 2018 yil Navro‘zgacha, Yoshlar kuniga yana 2018 yil 1 sentyabrgacha, 8 dekabrgacha qurilish tugaydi», degan va'dalarni berib kelishdi. Ayni paytda ko‘p qavatli uy to‘rt emas, tushunarsiz sabab bilan besh qavatli qilib qurildi (balki shu sababli kechikkan).

Afsuski, uyning sifati shuncha kutganimizga yarasha bo‘lmadi. Qurilishi uzoq muddat talab qilgan ushbu uyni biz ehtiyojmand oilalar vakillari 3,5 yil kuzatib borganmiz. Qurilishda ishlatilgan armatura kamligi, umuman quruvchi bo‘lmagan kishini xavotirga qo‘yardi. Xavotirimiz bejiz emas ekan.

Biz nazoratchi emasligimizni anglagan holda indamasdan «narxlar ham shunga mos bo‘lsa kerak-da, arzon uy-joy-da», degan andisha bilan yurgandik. Ammo 2019 yil yanvar oyida biz yoshlarni qurilish korxonasi — «Jayxun» MChJning direktori o‘rinbosari bizlarga «Uyning narxi har kvadrat metrga 3.5 mln so‘mdan (!) bo‘ladi» deb shartnoma tutqazganida hafsalamiz pir bo‘ldi. Chunki bu bugungi kunda Samarqand shahrida tijoriy maqsadda qurilayotgan uylarning narxi bilan teng. Hatto ayrim uylar bizning «imtiyozli uy»dan arzon ham.

Holbuki, «Yoshlar uyi» imtiyozli narxlarda berilishi kerak. Qolaversa, biz uchun qurilgan uy sifatini tijoriy uylar sifati bilan solishtirib ham bo‘lmaydi. Muzokaralar, shikoyatlar jarayonida uylar narxi tushish o‘rniga oshib boraverdi — kvadrat metri 3,65 mln so‘mgacha. Hatto mana shu narx bitilgan shartnomani imzolashimiz uchun «Qishloqqurilish bank» hamda qurilish korxonasi vakillari ish joyimizgacha borib bosim o‘tkazib ko‘rishdi», deyiladi yoshlarning murojaatida.