14 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Said-Abdulaiz Yusupovning ishi yuzasidan ham savollar berildi.

«Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasida qaysi organ qaysi holatda ko‘rib chiqishi mumkinligi keltirib o‘tilgan. Unda 168-moddaning (firibgarlik) ikkinchi va uchinchi qismlarida ichki ishlar organlari vakolatidaligi belgilangan. 168-moddaning 4-qismi «a» bandi bo‘yicha qaysi organ ishni olib borishi keltirilmagan.

Jinoyat-protsessual kodeksimizda jinoyatlar borki, tegishliligi ko‘rsatilmagan. Bunday holatlarda jinoyat ishini qo‘zg‘atgan organ tergovni olib borishga haqli hisoblanadi. Bu shaxs aynan Davlat xavfsizlik xodimiman degan vaj bilan jabrlanuvchilardan katta summada pul olgan. Mana shu argument yuzasidan ham Davlat xavfsizlik xizmati tergov olib bormoqda. Unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bu ish yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Bosh prokuratura qabulxonasiga Said-Abdulaziz Yusupovning onasi murojaatidan so‘ng, nazorat qiluvchi prokuror tomonidan tibbiy va komissiyaviy ekspertiza tayinlandi. Bundan tashqari, ortiqcha tushunmovchiliklar bo‘lmasligi tufayli ham tibbiy ekspertiza va komissiyaviy ekspertiza o‘tkazildi. Ularning natijalari yaqin kunlarda e'lon qilinadi», deya ma'lumot berildi Yusupov ishi nega DXX tomonidan ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risidagi savolga javoban.

Jurnalistlardan biri «Said-Abdulaziz Yusupovning jinoiy sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani» haqida so‘radi.

«Ushbu tergov harakatlarida shaxsan qatnashmaganman. Menga berilgan ma'lumot doirasida ma'lum qilishim mumkin. Uning jinoiy sheriklari haqida biror ma'lumot berolmayman», deya javob qaytardi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.

«Bu ish tafsilotlarini aniqlash bu tergov jarayonida aniqlanadigan holat. Bu ish bizning nazoratimizda. Lekin bu bizning ish yurituvimizda degani emas. O‘ylaymanki, Said-Abdulaziz Yusupov ishi bo‘yicha sud o‘zining munosabatini beradi. Ayblov xulosasi o‘rganiladi. Sud munosabatidan so‘ng, bu masalaga qaytish to‘g‘ri bo‘ladi», deya Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oldinroq Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ayblanayotgan Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi sobiq direktori Said-Abdulaziz Yusupovning o‘z advokati bilan ko‘risha olmayotgani aytilgandi. Ayblanuvchining ukasi Muhammad Bahouddin Yusupov o‘zining feysbukdagi sahifasida shu haqda ma'lum qildi. Kichik Yusupov akasining advokati mijozi bilan yana (!) uchrasha olmaganiga urg‘u bergan.