Bugun, 18 iyun kuni Samarqand viloyat hokimligida viloyat rahbari Erkinjon Turdimovning ommaviy axborot vositalari vakillari va samarqandlik blogerlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ko‘proq, matbuot anjumani ko‘rinishini olgan mazkur uchrashuvda Samarqand shahrida qurilish va obodonlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida so‘z bordi. Viloyat hokimi yig‘ilganlarning va «Feysbuk» tarmog‘ida uchrashuvini jonli efirda kuzatgan foydalanuvchilarning savollariga javob qaytardi.

«Taklifimizga rozilik berib, kelganlaringizdan xursandman. Biz OAV va jamoatchilik bilan yaqin aloqada bo‘lishimiz kerak. Agar shaffoflik va ochiqlik ta'minlansa, ishimizda unum ham bo‘ladi, barcha masalalarga javob va yechim topiladi, turli gap-so‘zlarga o‘rin ham qolmaydi», — dedi Erkinjon Turdimov.
«Bugun ko‘p rahbarlarimiz yangicha dunyoqarash bilan ish olib boryapti, deb ayta olmaymiz. Shuning uchun ko‘pchiligi jurnalistlardan qochadi, kimdir tanqid qilsa o‘sha jurnalistga yopishib olishadi. Endi bunday ish yuritishdan voz kechadigan payt keldi. Biz topshiriq berganmiz: viloyat va tumandagi rahbarlarning eshigi doimo ochiq bo‘lishi kerak».
Shundan so‘ng viloyat hokimi Universitet xiyobonidagi olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida so‘z ochdi.
«Keyingi kunlarda Universitet xiyoboni atrofida turli gap-so‘zlar va muhokamalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ta'kidlab aytmoqchimanki, kim qanday fikr bildirganidan qat'i nazar, jurnalistlar va jamoatchilikka o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Chunki odamlar shahar hayotiga befarq emasliklarini namoyish etib berishdi.

O‘zi xiyobonni obodonlashtirish g‘oyasi qayerdan paydo bo‘ldi? Yil boshida biz viloyatimizning katta guruhini Anqara shahrida shu masalada tajriba almashish uchun jo‘natgan edik. Ular Anqaraning Kechio‘ren tumanida bo‘lib, ularning bu boradagi yutuq va tajribasini o‘rganib qaytishdi. Keyin Kechio‘rendan mutaxassislar Samarqandga ham kelishdi va ular shaharni obodonlashtirish, jumladan Universitet xiyoboni haqida ham o‘z tavsiyalarini berishdi.

1870 yilda barpo etilgan, 1050 metr uzunlikdagi Universitet xiyoboni Samarqandning eng so‘lim go‘shasi, bizning yuzimiz. Lekin bu yerda odamlar sayr qilmay qo‘yishgan. Chunki o‘tirish uchun o‘rindiqlar ham yo‘q. 15-20 yil muqaddam ekilgan o‘tloqlar hanuz yangilanmasdan turibdi.


















