Bugun, 24 iyun kuni «Lokomotiv» yangi bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Babayan anjumanning kirish qismida, savollarga javob berish oldidan karerasidagi o‘tmishi va buguni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Diskvalifikatsiya qilinishim – adolatsizlik bo‘lgandi»

«Bugundan kareramda yangi sahifa ochilmoqda. Futbol – mening hayotim. Futbolga qaytishim, aynan «Lokomotiv»dek muvaffaqiyatli klubga kelishim men uchun katta sharaf. Bu taklif uchun rahbariyatdan minnatdorman. Klub oxirgi uch yildan buyon o‘zbek futbolida yetakchilik qilmoqda. Klubda iqtidorli yigitlar yig‘ilgan, ularning hammasi eng yuqori marralarni ko‘zlaydigan o‘yinchilardir. Klub rahbarlari ham – professionallar. Barchamiz mustahkam bir oila bo‘lamiz.

Milliy jamoadan ketganimdan keyingi davrlardagi ishlarimga kelsak. Diskvalifikatsiya va uning bekor qilinishi, keyin Latviyada ishlaganim, so‘ng vatanimga qaytib, «Lokomotiv» klubi prezidentiga maslahatchi bo‘lishim... Diskvalifikatsiya qilinishim soxta dalillarga asoslangandi. Bu adolatsizlik, hatto kamsitish bo‘lgandi.

Nega bunday qilingandi? Agar chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, mengacha milliy jamoani boshqargan barcha murabbiylar bilan ham, katta ehtimolki, xuddi shunday holat kuzatilgan. Biz maqsadga erishishga yaqin edik, muxlislarimizga umid bag‘ishlagandik. Afsuski, bizga qandaydir eng arzimas narsalar xalal berdi», – dedi Babayan.

«Fakt shuki, Sergeyev – mamlakatimizning eng kuchli hujumchilaridan»

«Ammo, yaxshi hamki, mendan oldin milliy jamoada ishlagan murabbiylarga nisbatan bunday yo‘l tutishmagandi. Ularning har biri ham 2 yil atrofida futbolda ishlamagan edilar. Bu federatsiya prezidenti hurmatli Mirabror Zufarovichning donoligidan darak beradi. U milliy jamoaning sobiq murabbiylarini avaylagan edi.

Menga kelganda esa, odamlardagi g‘azab, muxlislardagi norozilik... Men ana shu ajiotaj markaziga tushib qoldim. Ayblovlar, e'tirozlar... Masalan, Sergeyev nomunosib, shaxsiy manfaatini deb uni maydonga tushirgan... Kelinglar, faktlar bilan gapiraylik. Birinchidan, Sergeyevni milliy jamoaga mendan oldin ishlagan murabbiylar ham taklif etgan. Ikkinchidan, Sergeyev mening qo‘l ostimdagi «Paxtakor»da o‘ynab, milliy jamoaga chaqirilganida, boshqa futbolchi edi. Men «Paxtakor»dan ketganimdan keyin u boshqa murabbiylar qo‘l ostida bo‘ldi. Uchinchidan, bugunga kelib Sergeyev mamlakatimizning eng kuchli va eng iqtidorli hujumchilaridan biri ekanini isbotladi. U gol urmagan o‘yinlarda ham bizning taktik sxemamizda jamoaga katta foydasi tegardi», – deb eslab o‘tdi «Lokomotiv» bosh murabbiyi.