Ikki do‘st uchrashib, biri ikkinchisidan so‘rabdi:

— Seni o‘rmonda ayiq quvsa nima qilasan?

— Qochaman.

— Yetib olsa-chi?

— Daraxtga chiqib olaman.

— Daraxtga ham chiqsa-chi?

— Eng baland shoxiga chiqib jon saqlayman.

— Ayiq ham o‘sha joygacha chiqsa-chi?

— Ey do‘stim, sen menga oshnamisan yoki ayiqqa?

Bu bir latifa bo‘lsa-da, hayotimizda uchraydigan ba'zi bir holatlarga o‘xshab ketadi.

Men Yaponiyada yashab, ilmiy faoliyat yuritaman. Maqolam xulosasini oldindan aytadigan bo‘lsam, hozirda biz, modomiki, O‘zbekiston mahsulotlarini chet el bozorlariga olib chiqishni istayotgan ekanmiz, harakatlarimiz aynan shu maqsadga xizmat qilishi lozimligini, aks holda mahsulotlarimiz eksporti yo‘lida o‘z qo‘limiz bilan g‘ovlarni yaratishda davom etishimizni aytmoqchiman. Nega bunday deyapman?

Boshqa bir maqolamda aytib o‘tganimdek, kunchiqar yurt bilan o‘zaro tashqi savdo balansimiz 52>1 ko‘rinishda (ya'ni bizning Yaponiyaga qiladigan mahsulot eksportimiz hajmi Yaponiya bizga qiladigan eksport hajmidan 52 barobar kam bo‘lib turibdi).

Yaqinda mahsulotlarimiz yapon bozoriga kirib kelayotganini ko‘rib, quvonchim ichimga sig‘may ketdi. O‘zbekistondan Yaponiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yo‘lga qo‘yayotgan yapon shirkati menejyeri bilan suhbatlashib, rahmat aytishni boshlayotgan edim, u menga muammolarini aytib qoldi. Ismini oshkor etishni istamagan yapon tadbirkori bilan bo‘lib o‘tgan suhbat mazmunini havola etaman.

— Firmamiz sizning yurtingiz bilan savdo qilishni yo‘lga qo‘ydi, O‘zbekistonning turli xil mevalarini import qilishni boshlaganmiz. Yaqinda Yaponiya shaharlarida yurtingiz mahsulotlari paydo bo‘ladi. Biroq hammasi yaxshi ketyapti deb aytolmayman…

— Nega endi? O‘zbekiston mahsulotlari yaponlarga yoqmadimi?

Yo‘q, mahsulotlaringizga gap yo‘q. Bu sohada sizlarda juda katta imkoniyatlar mavjud. Buni o‘zlaringiz ham yetarlicha tasavvur qila olmaysiz.