Naked Science nashrining yozishicha, Visual Capitalist tayyorlagan reyting OPEKning 2026-yilgi yillik statistik byulleteni maʼlumotlariga asoslangan.
Hisob-kitoblarga xom neft, jumladan, gaz kondensati hamda neft mahsulotlari kiritilgan. Koʻrsatkichlar yalpi eksportni aks ettiradi - ulardan import hajmi chegirilmagan. Shu sababli umumiy hajmlarga reeksport va tranzitdagi neft ham kirishi mumkin.

Eng yirik besh eksportchi
Reytingdagi yetakchi davlatlarning kunlik eksport hajmi quyidagicha:
- AQSH - 10,7 million barrel;
- Saudiya Arabistoni - 7,9 million barrel;
- Rossiya - 6,6 million barrel;
- Kanada - 4,1 million barrel;
- Birlashgan Arab Amirliklari - 3,9 million barrel.
AQSH va Saudiya Arabistoni birgalikda jahon neft eksportining qariyb choragini taʼminlagan. Dastlabki uch davlatning umumiy ulushi esa 33 foizga yetgan.
Nashr AQShning yetakchiligini koʻp jihatdan slanets nefti qazib olishning jadal rivojlanishi bilan izohlagan. Gorizontal burgʻilash va qatlamni gidravlik yorish texnologiyalari zich togʻ jinslaridan koʻproq neft olish imkonini bergan. 2015-yilda neft eksportiga qoʻyilgan aksariyat cheklovlarning bekor qilinishi esa amerikalik ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishini kengaytirgan.
Reytingda neft mahsulotlari ham hisobga olingani uchun yirik neft qayta ishlash va savdo markazlari yuqori oʻrinlarni egallashi mumkin. Niderlandiya va Singapurning yirik eksportchilar qatoriga kirishi qisman shu omil bilan izohlanadi.
Mintaqalar orasida Yaqin Sharq yetakchi
Yaqin Sharqning neft va neft mahsulotlari eksporti kuniga 22,4 million barrelni tashkil etgan. Bu jahon eksportining 29,2 foiziga teng.
Keyingi oʻrinda Yevropa boʻlib, uning kunlik eksporti 16,1 million barrelga, jahon hajmidagi ulushi esa 21 foizga yetgan. Shimoliy Amerikada bu koʻrsatkichlar mos ravishda 15,7 million barrel va 20,5 foizni tashkil etgan.

















