Iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik sub'yektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning amaldagi tartibidagi mavjud bo‘lgan nomutanosibliklar barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun teng sharoitlarni ta'minlashda qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermaydi.  Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev bayonot berdi.

OAV va jamoatchilik, tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi muhokamasida soliq va bojxona imtiyozlariga oid turli masalalarda qizg‘in bahs kuzatildi.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

 Endilikda soliq to‘lovchilar quyidagi ko‘rinishda tartibga solinishi kutilmoqda:

— 1 avgustdan boshlab  benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste'molchilariga sotadigan yuridik shaxslar  tushumlarning miqdoridan qat'i nazar QQS to‘lovchisi;

— tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari tovar va xizmatlari sotuvining tushumidan qat'i nazar QQS to‘lovchisi;

— yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin;

— kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi yuz million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.