Samvel Babayan «Lokomotiv» bosh murabbiyi bo‘ldi. Ha, o‘sha mashhur Samvel Babayanning o‘zginasi. O‘zi xohlagan futbolchilarni o‘ynatib, xalqning g‘azabiga uchragan, kuchsiz jamoalarni yengganida maydonni o‘paverib odamlarni zada qilgan, oxirgi matbuot anjumanida mag‘lubiyatga izoh ham bera olmay, ketib qolgan Babayan. Butun umr futboldan chetlatilgan va keyinchalik qat'iyatsiz futbol rahbarlari tomonidan BUTUN UMRLIK diskvalifikatsiyasi 2 haftada bekor qilingan Babayan.
Shuncha gapdan keyin ham yana katta sahnaga qaytgan Babayan shu qadar zo‘r murabbiymi? Millatning bosh jamoasini parokanda qilib ketgan insonning katta futbolga qaytishi muxlislarga qanday ta'sir qiladi?
Ruxsatingiz bilan gapni uzoqroqdan boshlasak. Babayanning milliy jamoaga kelishining o‘zi katta xato edi. Uning qing‘irliklarini odamlar ko‘p yillardan buyon bilishardi. Keyin esa bu firibgarliklar haqida rasman e'lon qilindi ham. Oqibatda Babayan butun umrga diskvalifikatsiya qilindi. Keyin esa «Bunyodkor»ning kafilligida 2 haftadan keyinoq diskvalifikatsiya bekor qilingani ma'lum bo‘ldi. Endi ana o‘sha muxlislar g‘azabiga duchor bo‘lgan inson oz emas, ko‘p emas naq 3 yildan buyon mamlakat chempioni bo‘lib kelayotgan jamoaga murabbiy bo‘ldi.
Har bir klub xohlagan murabbiyini ishga qo‘yishi, xohlagan murabbiyni haydashi mumkin. Lekin bir narsaga hayronman, nima, O‘zbekistonda undan boshqa murabbiy yo‘qmi? Agar u shunchaki milliy terma jamoa bilan muvaffaqiyatsizlikka uchragan murabbiy bo‘lsa ham boshqa gap edi. Masalan, Qosimov ham, Abramov ham bunday muvaffaqiyatsizlikka uchragan, lekin ular o‘z manfaatini milliy jamoa manfaatidan ustun qo‘ymagan. Qosimov va Abramov hurmat-ehtirom ko‘rib ishlashda davom etishmoqda. Chunki bu murabbiylar qo‘llaridan kelganini qilishgan. Qosimov ikki marta ham imkoniyatdan foydalana olmadi, bunga qurbi yetmadi. Abramov asosiy saralash bosqichidagi birinchi o‘yindan keyinoq iste'foga chiqarildi va bu futbolimiz tarixidagi eng katta xatolardan biri bo‘lgandi, deyish mumkin.
Babayan esa o‘z futbolchilarining transfer narxini ko‘tarish uchun ularni bosh jamoada o‘ynatgan. Bu gapni men o‘ylab topganim yo‘q, rasman e'lon qilingan.
Shaxsan mening fikrimcha, Babayanni murabbiy qilib qaytarish shuncha bo‘lib o‘tgan ishlardan so‘ng o‘zbek futboliga, uning muxlislariga nisbatan hurmatsizlik. Chunki bu insonning nomi odamlarga ko‘p narsani anglatadi. Yana takrorlayman, qanday murabbiyni ishlatish klublarning o‘z ishi. «Lokomotiv» xohlasa Rustam Mirsodiqovni olib kelib bosh murabbiylikka tayinlasin, xohlasa «diskvalifikatsiya qilishmasa balki Mourinoga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan Mo‘minjonov»dan diskvalifikatsiyasini oldirib tashlab, ishlatsin. Mo‘minjonov «atigi» 5 yilga chetlatilgan, butun umrga chetlatilgan Babayan ikki haftadayoq oqlanganini inobatga olsak, 5 yillik «qizil kartochka»ni bekor qilish «xamirdan qil sug‘urganday» oson ish mantiqan.















