50-60 yillik yo‘lni qayta tiklash boshlandi. 18 metrli qizil chiziq 22 metr qilib xatlov qilingan. Piskentlik aholi nimadan norozi bo‘lmoqda?
Kun.uz ga Toshkent viloyati Piskent tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish uchun ijodiy guruhimiz bilan Piskent tumaniga yo‘l oldik.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Tumanning "Birlik" MFY ga kirib borishimiz bilan yo‘l bo‘yida joylashgan uylarning devorlari buzilishi boshlanganiga ko‘zimiz tushdi. Aholi vakillari bilan buzish ishlariga mas'ul mutasaddilar o‘rtasida bahs-munozara bo‘layotganiga guvoh bo‘ldik.
O‘zini viloyat qurilish bo‘yicha kotibiyat mudiri deb tanishtirgan Shuhrat Qo‘chqorov aholi vakillariga buzilishlar nega boshlanayotganiga izoh berdi.

"Sizlar borib ko‘ringlar, "bosh plan" 50-70 yil oldinga qarab qilinadigan ish. Shuning uchun har doim yurtni obod qilish uchun buzilishlar, qurilishlar albatta bo‘ladi. Agar biz xalqni eshitmasdan, haqiqiy bosh plan bilan ishlaydigan bo‘lsak, borib prokuratura va maktabdagi oraliqni ko‘rib kelinglar. Qizil chiziq qayoqda-yu qurilish-qurish chizig‘i qayerda. Lekin bugun sizlarning ko‘p narsangiz ketib qolmasin, xalqqa jabr bo‘lmasin deb biz qizil chiziqqa rozi bo‘lyapmiz. Xalq bilardi, buzilishini kutib turgandi. Ertaga buziladi, indin buziladi deb 50 yil o‘tib ketdi. Ellik yil kutdingiz, lekin bir g‘isht qo‘ya olmadingiz. Biz har bir fuqaro bilan alohida ishlaymiz. Hech kim sizni uyingizga kirib, qo‘lingizdan olib chiqib ketayotgani yo‘q. Sizning qonuniy qurgan kadastrli mulkingizni alohida o‘tirib, hisob kitobini qilamiz" deb aytib o‘tdi kotibiyat mudiri.

Bu so‘zlarga esa aholi vakillari unchalik ishonishmayapti. Ular hech qanday qarorsiz, bosh rejani ko‘rsatmasdan, ogohlantirilmasdan buzish ishlari boshlangani, shuningdek buzish ishlaridan oldin kompensatsiya masalasi hal etilmaganligi, hatto bu haqda gapirilmasdan buzilish ishlari boshlab yuborilganligidan xavotirda qolganligini ta'kidlashdi.



















