«Nega o‘zimizning gazimizni o‘zimizga bermayapti?» - «O‘zbekneftgaz» OAVda tarqalgan savollarga javob berdi
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning neft-gaz siyosati muammolari va istiqbollari, shuningdek, aholini energiya manbalari bilan ta'minlash mavzuida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ma'lum qilinishicha, joriy yil oxirigacha «O‘zbekneftgaz» AJ uchta alohida mustaqil kompaniyaga bo‘linadi, ulardan biri gaz va neft ishlab chiqarishga, neftni qayta ishlash zavodlarini boshqarishga, ikkinchisi neft quvurlarini boshqarishga, uchinchisi esa gazni taqsimlashni nazorat qilishga ixtisoslashadi.
Amalga oshirilayotgan, rejalashtirilayotgan ishlar qatori sohada majud muammolar yuzasidan ham fikrlar bildirildi.
«Biz geologik qidiruv ishlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish, zaxiralarimizni o‘stirishga yetarlicha e'tibor bermayapmiz, — dedi «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov. — Shuning hisobiga bugun gaz qazib olishdagi muammolarga duch kelmoqdamiz. Eng asosiy muammo — hozirda konlarimiz juda qiyin ahvolda».
Mutasaddilar shu kabi muammolar jamoatchilikda ham e'tirozlar uyg‘otayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
«Juda ko‘p tanqidlarga uchrayapmiz, ommaviy axborot vositalarida «Nega o‘zimizning gazimizni o‘zimizga bermayapti» degan savollarga to‘qnash kelyapmiz, — dedi Bahodir Siddiqov. — Bunda muhim jihat shundaki, gaz tabiiy va milliy boyligimiz bo‘lish bilan birga, tovar (mahsulot) ekanini esdan chiqarib qo‘ymasligimiz kerak. Yaqinda Osiyo taraqqiyot banki ekspertining maqolasi chiqdi, u «Energetika tizimida gazga tovar sifatida munosabat shakllanmasa, bu tizimda rivojlanish bo‘lmaydi», deb yozgan edi. Buni juda to‘g‘ri fikr deb hisoblayman. Chunki biz gazdan foydalanganda energiya tejamkorligini, vaqtida hisob-kitob qilish kerakligini esdan chiqarib qo‘yyapmiz. Ko‘p iste'molchilarimizda kranni burasak, gaz chiqib kelaveradi degan qarash singib qolgan».
«O‘zbekneftgaz» rahbari o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalarni qayd etar ekan, ularni hal qilish ustida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Shu muammolarning oldini olish maqsadida avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish bo‘yicha katta muzokaralar olib borilmoqda. Uch yil davomida respublikamizdagi barcha aholi qatlamini, iste'molchilarni avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazamiz. Bu shaffoflikni, iste'molchi va gaz yetkazib beruvchi o‘rtasidagi munosabatlarning ochiqligini ta'minlaydi. O‘ylaymanki, mazkur loyiha aholining gaz iste'molini ham tartibga soladi», - dedi Bahodir Siddiqov.
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:40 / 21.12.2024