Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi taklifi asosida o‘zbek futbol hakami Ravshan Ermatov bilan jahon miqyosidagi futbol bahslarini boshqargan Bahodir Qo‘chqorov boshchiligidagi Qirg‘izistonning O‘sh shahri futbol akademiyasi murabbiylari, yosh futbolchilar va jurnalistlardan iborat delegatsiya Andijonga keldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mehmonlar Sho‘rbuloq dahasida joylashgan futbol akademiyasida bo‘lib, maskanda mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Akademiya tarbiyalanuvchilari muntazam ravishda respublika va xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Bo‘ston massivida joylashgan futbol maktabida mehmonlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda qo‘shni davlat delegatsiyasi vakillariga viloyat futbol assotsiatsiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashining maxsus sovg‘alari, har bir yosh futbolchiga o‘zbek do‘ppisi sovg‘a qilindi.



Andijon va O‘sh yosh futbolchilari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.

Shundan so‘ng ikki qo‘shni davlat viloyatlari futbol mutasaddilari o‘zaro do‘stona hamkorlikni tizimli ravishda olib borish bo‘yicha shartnomalar imzolab, ommaviy axborot vositalari bilan matbuot anjumani o‘tkazdilar.


Andijon viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzodbek Karimov uzoq asrlardan beri qo‘ni-qo‘shnichilik an'analarini sport orqali davom etishi haqida gapirdi.
















