O‘zbekiston | 14:02 / 03.07.2019
60007
4 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov: «Noqonuniy uy qurib, «shoxim bor» deb yurganlarning ham uylari buziladi»

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov 2022 yili Samarqand shahrida tashkillashtiriladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida viloyat tashkilotlari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Unda Samarqand shahrini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, aholining yashash shart-sharoitlarini yaxshilash masalalari muhokama qilingan. Jumladan, shaharni obodonlashtirish bo‘yicha 11ta okrug tashkil etilishi e'lon qilingan. Har bir okrugdagi mahallalar belgilangan va ishlarni nazorat etuvchi mas'ullar tayinlanib, topshiriqlar berilgan.

Yig‘ilishda Samarqand shahrida 17 avgust kuni Gullar sayli o‘tkazilishi e'lon qilingan.

Viloyat hokimi yig‘ilish davomida Samarqand viloyatida barpo etilayotgan qurilishlar, jumladan, turar joylar bilan bog‘liq korrupsion sxemalar haqida gapirgan.

«Shaharda hamma yoq «o‘yin». Korrupsiya! Qurilishga ruxsat berish uchun imzolangan qarorlarning asli yo‘qotib yuborilgan. 85ta qarorning asli yo‘q. «Qani qaror?» desak, «Yo‘q qaror. Umuman, bu qaror bo‘lmagan bo‘lishiyam mumkin», degan javobni eshitamiz.

Kecha odamlarning qo‘lida mavjud qarorlarni yig‘dirib chiqdik — qaror nusxalarini uchastka nozirlari odamlarning qo‘lidan yig‘ib kelishdi — o‘sha yo‘q ro‘yxatdagi 50ta qaror aniqlandi. Barcha qarorlarda ko‘p qavatli «dom» qurishga ruxsat berilgan.

Buyoqda hamma qarorlarni olib, «tekshirib chiqinglar qani», desam «85ta qaror yo‘q», deb kelishdi.

Sayyor qabulda fuqarolar «bizning yashab turgan uyimizni buzib, ko‘p qavatli «dom» qurmoqchi bo‘lishyapti», deb kelishmoqda. «Bor, o‘rganib kel», desak, quruvchining qo‘lida qaror bor. Tekshirsak, boyagi — aslida yo‘q qarorlar ro‘yxati ichida turibdi bu ham.

Nima, bu qarorlar o‘zidan-o‘zi berilganmi? Nega asli yo‘qotib yuborilgan, agar to‘g‘ri qaror bo‘lsa?

Toyloq ham xuddi shunaqa bo‘lgan. Samarqand tumani ham. Yashiradigan narsa qolgani yo‘q o‘zi. «O‘tirib yer sotamiz».

Samarqand shahrining tarixiy qismida birorta yangi uy qurish mumkin emas. Davlat rahbarining bu borada topshirig‘i bor. Uy-joy qurish uchun qaror chiqarish mumkin emas. Shu yerga ham qarorlar chiqarilgan. 2018 yilning iyul oy o‘rtalarida Bosh vazirning bu boradagi bayonnomasi tasdiqlangan edi. O‘sha bayonnomadan keyin ham qarorlar imzolab berilgan. 2018 yil dekabrda, 2019 yil fevralda chiqqan qarorlar bor.

Loyiha bo‘yicha shahar markazida mehmonxona qurish mumkin, lekin ko‘p qavatli uy qurish mumkin emas. Qurganlarning imorati ham buziladi. Hali ko‘rasizlar, «shoxim bor», deb yurganlarniki ham buziladi», — degan Samarqand viloyat hokimi yig‘ilishda. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid