Tadbirkor, Korzinka.uz tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekistonda import qilinadigan mahsulotlarga yangi tarif to‘siqlari joriy qilinishi va  proteksionizm bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

«Meni tadbirkor sifatida bozor jadalroq, ijodkorona va aql bilan ishlashni talab qilishi bilanoq doimo davlatning etagiga osilib olgan tadbirkor hamkasblarimning boqimandalik kayfiyati hayron qoldiradi. Ular doimo davlatdan o‘zlarini  himoya qilishni so‘rashadi. Va hatto buni an'anaviy ravishda johillik va cheklangan holda amalga oshirishadi: o‘zlariga imtiyoz, raqobatchilar uchun esa to‘siqlar so‘rashadi», - deydi tadbirkor.

Hoshimovning fikricha, tadbirkorlik birinchi navbatda raqobatga asoslanadi. Raqobatni cheklash tadbirkorlikni cheklash demakdir. Bozorning 25 yil to‘siq holda bo‘lishidan so‘ng yana 2-3 yillik proteksionizm haqida gapirish yo jaholat yoki ayyorlikdir.

«Roppa-rosa bir yil avval, 2018 yil 29 iyunda prezident bojxona liberallashuvi to‘g‘risidagi farmonga imzo chekib mamlakat va uning iqtisodiyoti jahon bozoriga integratsiyalashuvi uchun muhim tanlovni amalga oshirdi. Bu bozorda mamlakatlar o‘zlarining mutlaq va qiyosiy ustunliklarini biladi, ularga ega bo‘ladi va rivojlantiradi, shu tarzda global mehnat taqsimoti, ishlab chiqarish va savdoning xalqaro zanjirida samarali ishtirok etadi, iqtisodiyotga oqilona va muntazam o‘sish bag‘ishlaydi, mamlakatni boy qiladi va o‘z aholisi farovonligini oshiradi», - deya qayd etdi u.

Tadbirkor kimlarningdir taxmini emas, obektiv ma'lumotlar va belgilarga asoslangan holdagina tadbirkorlarning kuchli tomonlarini ochib berish va iqtisodiyot barpo etish mumkinligini bildirdi.

«Anglash lozimki, bu to‘siqlarni qaytadan tiklab va ilgari e'lon qilingan tamoyillardan uzoqlashib, biz bir vaqtning o‘zida ham ichki, ham tashqi bozorga juda yomon signal beramiz. Keng tarqalayotgan neo-proteksionizmga asoslanib, ko‘plab tadbirkorlar hech qachon raqobatbardosh va kuchli tomonimiz bo‘lmaydigan ishlab chiqarish va sohalarga o‘z mablag‘larini yo‘naltira boshlashadi. Ular muhim va tanqis bo‘lgan moliya, malakali kadrlar, energiya va nihoyat vaqtlarini keraksiz yo‘nalishga sarflashadi va ertami-kechmi voz kechishga to‘g‘ri keladi va bir necha yildan so‘ng hammasini boshqatdan boshlash kerak bo‘ladi», - ta'kidladi u.

Uning fikriga ko‘ra, buni amalga oshirish yildan yilga qiyinlashib boradi: himoya va vasiyga ega bo‘lgan korxonalar va ishlab chiqarish sohalari o‘sib boradi, kreditlar o‘sib boradi, bu vaqt mobaynida kreditlarga sotib olingan uskunalar eskiradi. Va eng og‘riqlisi hamda o‘zgartirish deyarli imkonsiz bo‘lgan narsa - bu raqobatbardosh ustunlik nuqtai nazaridan istiqbolsiz bo‘lgan bu korxonalarda bu vaqtda o‘n yoki yuz minglab kishilar ishlayotgan bo‘ladi. O‘shanda ularga nima bo‘ladi?  Ular haqida hozir kim o‘ylaydi? Sanoat siyosatida mana shunday sun'iy moslashuvchanlik va selektiv yondashish xavfini kim hisobga oladi?