O‘zbekiston | 10:30 / 04.07.2019
6741
4 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi: «Sanoat korxonalari belgilangan normadan 40 baravargacha ko‘proq zaharli moddalarni chiqarmoqda»

Foto: Pixabay

Atmosfera havosi, suv, tuproq qatlamini zararli moddalar bilan ifloslantirish bo‘yicha «peshqadamlik» «Navoiyazot», «Ohangaron sement», «Maksam Chirchiq», «Bekobodsement», «Farg‘onaazot», «O‘zbmetkombinat», «Olmaliq tog‘-kon kombinati» kabi yirik sanoat korxonalariga to‘g‘ri kelmoqda. Ulardan atrofga chiqayotgan zaharli moddalar belgilangan normalardan  40 baravargacha ko‘proq ko‘rsatkichni ko‘rsatmoqda. Bu haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qoshidagi jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Bayon qilinishicha, 2019 yilning birinchi yarim yilligida yirik sanoat korxonalarining atrofni ifloslantirayotgani yuzasidan fuqarolardan 175ta murojat kelib tushgan.

Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimovning bayonotiga ko‘ra, 2018 yil yakunlari bo‘yicha atrofga 2 mln 449 ming tonna zararli modda chiqarilgan. Buning 1 mln 600 ming tonnasi avtomobil vositalariga, 880 ming tonnasi ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Respublikada 300 mingdan ziyod xo‘jalik korxonalari mavjud bo‘lib, ulardan 5 mingtasi ekologiyani zararlantirish bo‘yicha birinchi va ikkinchi toifali korxonalar hisoblanadi.

«Agar korxonalar ekologiya masalasida belgilangan normalarni buzishda davom etsa, korxona faoliyatini to‘xtatib qo‘yish, ma'muriy kompensatsiya to‘lovini undirish kabi choralar ko‘riladi. 2018 yilda sanoat korxonalaridan 975 million so‘m kompensatsiya undirilgan, 2019 yilning faqatgina birinchi choragida esa bu ko‘rsatkich 1 mlrd 72 mln so‘mni tashkil etgan», ─ deya ta'kidlaydi raisning birinchi o‘rinbosari.

«Sanoat korxonalari faoliyatini ekologik xavfsizlikka muvofiqlashtirsa, ekologik nuqtai nazardan xavfsiz qurilma va uskunalarni keltirib foydalansa, soliq va bojxona xarajatlarini kamaytirishda biz yordam ko‘rsatamiz. Soliq qo‘mitasi imtiyoz berishi uchun tavsiyanoma berish vakolatimiz bor», ─ deya qo‘shimcha qildi Karimov.

Jamoatchilik kengashi raisi Yusufjon Shodimetov keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, atmosferaning ifloslanganlik darajasi bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekiston 158ta mamlakat orasida 108 o‘rinni egallab turibdi. 

«Bu ijobiy ko‘rsatkich emas, albatta. Sanoat korxonalari inson hayoti uchun eng xavfli bo‘lgan azot oksidi, ammiak, fenol, oltingugurt, chang, atseton kabilarni atmosferaga tashlayapti. Bular saratonni keltirib chiqaradi. Agar havoda qancha zararli modda borligini bilsa, odamlar ko‘chaga chiqmay ham qo‘yadi», ─ deydi Yusufjon Shodimetov.

Shuningdek, muhokama davomida avtoulovlardan chiqadigan zaharli gazlar masalasi ham muhokama qilindi. Ta'kidlanishicha, respublikadagi mavjud avtomobil transportlarining 20-30 foizi eski rusumlarda bo‘lgani bois talabga javob bermaydi, ular kuchli darajada is gazi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashi muhokamasi davomida «Maksam Chirchiq», «Farg‘onaazot», «Naoiyazot» kabi korxonalarning o‘z faoliyatini ekologik xavfsizlikka muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi, tegishli ko‘rsatma va vazifalar berildi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid