O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning mazkur qarorida «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ma'qullangan. Chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari, ijro muddati va mas'ullar belgilangan.

«Yo‘l xaritasi»ning birinchi bobi Soliq siyosatini takomillashtirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirishga bag‘ishlangan va chora-tadbirlar ichida quyidagi muhim choralar o‘rin olgan:

·        Tadbirkorlik sub'yektlariga teng fiskal sharoitlar va raqobat muhitini ta'minlash uchun qo‘llash sohalari va faoliyat turlarini hisobga olgan holda, soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qayta ko‘rib chiqish.

·        Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tish tartibini ishlab chiqish.

·        Soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni keyinchalik bo‘lib-bo‘lib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi “investitsiyaviy soliq kreditlari” institutini joriy etish.

·        Soliq to‘lovchilarga keyinchalik soddalashtirilgan “yashil yo‘lak” tartibida xizmat ko‘rsatish maqsadida soliq tavakkalchiliklarini baholash va insoflilik mezonlari asosida segmentlash tizimini joriy qilish.

·        Soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda soliq majburiyatlarini kamaytirib ko‘rsatish (yashirish) faktlarini ko‘rsatib, soliq qarzining bir qismini to‘laganda, uni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi «soliq kelishuvi» mexanizmini joriy etish.

·        O‘zaro bog‘langan yoki afillangan shaxslar o‘rtasidagi bitimlar bo‘yicha transfert narxlar belgilanishining, shu jumladan bunday shaxslar bo‘yicha mezonlarni belgilashni nazarda tutuvchi soliq nazorati mexanizmini joriy etish.

·        Soliq va buxgalteriya hisobi qoidalaridagi tafovutlarni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish va ularni xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga to‘liq moslashtirish.

·        Ayrim tovarlar uchun identifikatsiya markirovka qilishning yagona tizimini joriy etish va soliq organlari tomonidan mahsulotni hisobga olishning elektron bazasini yaratish.

·        Hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining soliq imkoniyatlarini baholash metodikasini ishlab chiqish va joriy etish, soliq tushumlarini hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha prognoz qilish uchun indikatorlar va ma'lumotlar manbalarini shakllantirish.