O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Prezidentning mazkur qarorida «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ma'qullangan. Chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari, ijro muddati va mas'ullar belgilangan.
«Yo‘l xaritasi»ning uchinchi bobida — Soliq tavakkalchiliklarini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari sanab o‘tilgan:
· Nazorat, axborot va xizmat ko‘rsatish orqali potensial soliq tavakkalchiliklarini baholash va boshqarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni nazarda tutadigan soliq tavakkalchiliklarini tizimli boshqarish (Compliance Strategy) mexanizmini joriy etish.
· Tavakkalchiliklarni, shu jumladan QQS to‘lovchilarini tahlil qilish va boshqarish tizimi asosida soliq nazoratining simsiz (masofadan turib) usullarini (soliq to‘lovchilarni segmentlash asosida) takomillashtirish.
· Jahon bankining kompleks intellektual modeli asosida soliq ma'murchiligini tahlil qilish yakunlari bo‘yicha takliflar tayyorlash (hozirgi holatni baholash va soliq ma'murchiligi kamchiliklarini aniqlash, soliq islohotlari natijalarini monitoring qilish).
· Soliq organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarini video-tasvirga olish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.
· Ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda, identifikatsiya kartochkalari tizimiga (ID kartalariga) jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami tizimini bosqichma-bosqich integratsiyalashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
· Davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga davlat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuv holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, nazorat tadbirlarini faqat profilaktika choralari qo‘llanilgandan so‘ng amalga oshirish imkonini beradigan tartibni belgilash.
· Sayyor tekshirishlarni kamaytirish va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligining simsiz usullari ro‘yxatini kengaytirgan holda soliq nazorati shakllarini takomillashtirish.
· Yuqori darajadagi daromadga va mulkka ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning soliq tavakkalchiliklarini tahlil qilish (High Net Worth Individuals) tizimini joriy etish.















