Bizda bir odat bor. Oldindan ma'lum bo‘lib turgan muammolarga to‘ppa-to‘g‘ri o‘zimizni borib uramiz. Zarbalarni kutilmagan joydan emas, aynan kutilgan joydan qabul qilamiz. Bu xuddi rahmatli Hojiboy Tojiboyevning «borma kuyasan, borma kuyasan... ana, kuydiiiing» degan latifasiga o‘xshab ketadi.

Joriy yilgi qabul jarayonlaridagi navbatlar va ur-yiqitlar oldindan ma'lum edi. Ammo hamma bilib turgan muammoning oldi olinmadi, aksincha, kimlarningdir beparvoligi, mas'ul tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar, ko‘rpani hamma o‘ziga tortishi ortidan muammo ko‘lami oshsa oshdiki, lekin kamaymadi.

Kutilgan muammo nimada edi?

Qabul jarayonlaridagi navbatlar yangilik emas. Har yili aynan shunaqa muammo bo‘ladi. Har yili katta navbatda turgan abituriyentlar, issiqda qiynalgan ota-onalar haqidagi hikoyalar chiqadi. Aslida, bu juda hayron qolarli holat emas.

Lekin joriy yilda muammo oldingilardan ham katta edi. Chunki ushbu yilda ilk marta kollej/litsey bitiruvchilari bilan bir qatorda maktabning 11-sinf o‘quvchilari ham hujjat topshirishmoqda. O‘tgan yili 800 ming atrofida abituriyent topshirgan bo‘lsa, joriy yilda 1 mln 200 mingdan ortiq talabgor kutilmoqda.

Bu juda katta raqam. Buncha abituriyentlarning ma'lumotlarini qabul qilish va qayta ishlash hazilakam ish emas. Boz ustiga ushbu yilda ilk marta abituriyentlarga uchta yo‘nalishga hujjat topshirish imkoniyati berilgani ham jarayonlarni yanada og‘irlashtirishi aniq edi.

Shuningdek, ushbu yildan boshlab o‘tgan yilgi abituriyentlardan to‘lov qabul qilish tizimi joriy etildi. Mana shu faktor ham jarayonlarni sekinlashtirishi va bank kassalarida turnaqator navbatlarni paydo qilishi oldindan aniq edi.

Muammoga qanday yechim taklif etildi va yakunda nima bo‘ldi?

Vijdonan aytish kerak, mas'ullar muammolarga jimgina qarab turdi, desak, adolatdan bo‘lmaydi. Davlat test markazi, Davlat xizmatlari agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar qabul jarayonini namunali tashkil etishga oid loyihalarni taklif etishdi. Ular quyidagi bir nechta yechimlarni o‘ylab ko‘rishdi:

Birinchidan, hujjatlarni 200 dan ortiq shahar va tumanlardagi davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish rejasi e'lon qilindi. Bunda abituriyentlar oqimini tumanlar kesimida 200 ga bo‘lib yuborib, navbatlarni birmuncha kamaytirish va qulaylik yaratishni o‘ylashdi. Masalan, loyihaga binoan Navoiyning chekkasidagi Tomdi tumani yoshlari o‘z tumanidan chiqmasdan (!) hujjat topshirishi mumkin bo‘lardi.