15–20-sentabr kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasining Misrga amaliy tashrifi boʻlib oʻtdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Misrning choʻl hududlarini oʻzlashtirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va qurgʻoqchil hududlarda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha tajribasini oʻrganishdan iborat boʻldi.

Hukumat vakillari, fermerlar va tadbirkorlardan tashkil topgan 224 kishilik delegatsiya Misr suv xoʻjaligi va irrigatsiya vaziri Hani Suveylim bilan uchrashdi.

Muzokaralarda choʻl yerlarini oʻzlashtirish, yer usti va yer osti suvlaridan oqilona foydalanish, suvni qayta ishlash va takroriy qoʻllash masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya aʼzolari Elsewedy Wataniya kompaniyasida zamonaviy pivot sugʻorish texnologiyalari bilan tanishdi. Misr Qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda mamlakatda yetishtirilayotgan serhosil bugʻdoy, makkajoʻxori va choʻl iqlimiga mos guruch navlarini Oʻzbekiston sharoitida yetishtirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

Qohirada ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda 400 nafarga yaqin fermer, tadbirkor va kompaniya vakili qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari zamonaviy sugʻorish texnologiyalari, chorvachilik, ozuqa bazasini shakllantirish, agrotexnologiyalar va investitsiya loyihalari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Oʻzbekiston vakillari Misrning «Mustaqbal Misr» loyihasi bilan ham tanishdi. Uning misolida choʻl yerlarini oʻzlashtirish, suvni tejash va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻyishning amaliy mexanizmlari oʻrganildi.

Misr qishloq xoʻjaligi va melioratsiya vaziri Alaa Faruq bilan uchrashuvda ushbu tajribani Oʻzbekistonda, xususan, Navoiy viloyatida qoʻllash imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Delegatsiya Milliy suv tadqiqotlari markazi va Qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot markazining tajriba maydonlarida suv resurslarini boshqarish, zamonaviy sugʻorish texnologiyalaridan foydalanish va turli ekin navlarini sinovdan oʻtkazish jarayonlarini oʻrgandi.

Arco Seeds va Elsewedy Wataniya kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralarda Misr tajribasini Oʻzbekistonga tatbiq etish, yaylovlarni obodonlashtirish hamda chorva uchun yem-xashak yetishtirish va saqlash texnologiyalarini joriy qilish masalalari muhokama qilindi.